Qozog‘istonda bo‘lib o‘tayotgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi maslahat uchrashuvida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev mintaqaviy konsepsiya ishlab chiqish lozimligini aytdi. Bu haqda batafsil prezident matbuot xizmatida ma’lum qilindi.
Unga ko‘ra, Markaziy Osiyo mintaqasida xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan strategik hujjat ishlab chiqish lozimligi ta’kidlandi. Ayniqsa, hozirgi Ukraina va Yaqin Sharqdagi notinchlik pallasida bu ayni birinchi navbatdagi muhim masala sifatida baholandi. Qolaversa, u voqealarning mintaqadagi an’anaviy savdo va transport zanjirlariga salbiy ta’sir ko‘rsatgani, rivojlanishga to‘siq bo‘layotgani qayd etildi.
Shuni ta’kidlab o‘tmoqchimanki, Markaziy Osiyoning buguni va kelajagi, mamlakatlarimiz va xalqlarimiz farovonligi ko‘p jihatdan umumiy sa’y-harakatlarimizga, yaqindan hamkorlik qilish, qat’iy choralar ko‘rish va mintaqa manfaatlarini birgalikda ilgari surishga tayyorligimizga bog‘liq, — deydi Mirziyoyev.
Shuningdek, O‘zbekiston rahbari bir qator masalalarga alohida e’tibor qaratdi. Iqtisodiy sheriklik, sanoat, ichki mintaqaviy transport-kommunikatsiya tarmog‘i, oziq-ovqat xavfsizligi, global iqlim o‘zgarishi va energetika sektoridagi hamkorliklar shular jumlasidandir.
Bundan tashqari Mirziyoyev nutqida ta’lim forumini tashkil etish, turizm sektorini rivojlantirish maqsadida «Bitta tur – butun mintaqa» tamoyilidagi milliy ID kartalari orqali ommaviy turistik almashinuvni joriy etish takliflari ham o‘rin oldi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Qozog‘istonning «Oltin Qiron» ordeni bilan taqdirlangani haqida xabar bergan edik.