Yangiliklar

Mirziyoyev Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida ID-karta orqali oʻzaro sayohatlarga ruxsat berishni taklif qildi

Bu haqda u Ostonadagi chiqishi chog‘ida aytib o‘tdi
Rasm: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarini milliy ID-kartalarni o‘zaro tan olishga taklif qildi. U bu tashabbusni 9-avgust kuni Ostona shahrida Qozog‘iston rahbari Qosim-Jomart Toqayev raisligida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining oltinchi maslahat uchrashuvida bildirdi. Bu haqda O‘zR rahbari matbuot xizmati xabar beradi.

«Ochiq va samarali muloqotlarimiz, ilgari surilgan muhim tashabbuslar, ishga tushirilgan ko‘p tomonlama loyihalar va dasturlar, amalga oshirilgan ko‘plab qo‘shma tadbirlar va shu kabi boshqa harakatlarimiz mintaqa qiyofasini va imijini tubdan o‘zgartirdi», dedi Mirziyoyev.

Maslahatlashuv uchrashuvida Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston rahbarlari, shuningdek, Ozarbayjon prezidenti hamda BMTning Preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi rahbari ham ishtirok etdi.

O‘zbekiston prezidenti o‘z nutqi davomida strategik hujjat – Mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash konsepsiyasini ishlab chiqishni taklif qildi.

Mirziyoyev, shuningdek, sanoat va transport kooperatsiyasini kengaytirishga e’tibor qaratib, savdo toʻsiqlarini bartaraf etish va transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish muhimligini qayd etdi.

OʻzR rahbari Markaziy Osiyo ekspertlar forumi va Iqtisodiy kengash ta’sis yigʻilishini Oʻzbekistonda oʻtkazishni taklif qildi. Shuningdek, uning doirasida Hududlar forumi va tarmoq konferensiyalari va boshqa tadbirlarni tashkil etish bilan birga Markaziy Osiyo biznes hamkorligi haftaligini o‘tkazish ham taklif qilinmoqda.

Shuningdek, u Markaziy Osiyoning ekologik muammolariga e’tiborni qaratish uchun mintaqa davlatlarining iqlim boʻyicha sammitda birgalikda ishtirok etishi muhimligini ta’kidladi.

Bundan tashqari, u ishtirokchilarni Markaziy Osiyo akademik almashinuv dasturi va yetakchi universitetlar diplomlarini oʻzaro tan olish boʻyicha chora-tadbirlarni birgalikda ishlab chiqishga chaqirdi.

Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqini yakunlar ekan, hamkasblarini kelasi yili O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Sammitida ishtirok etishga taklif qildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyev va Toqayev 10 yillik strategik sheriklik to‘g‘risidagi qarorni imzolagan edi.