O‘zbekistondagi sement korxonalari birinchi yarim yillikda milliardlab zarar ko‘rdi
2024-yilning dastlabki yarim yilligida mamlakatda sement ishlab chiqaruvchi kompaniyalar zarar ko‘rdi. Korporativ yagona axborot portalida kompaniyalar o‘zlarining moliyaviy natijalari to‘g‘risidagi hisobotlarni e’lon qilishdi.
Unga ko‘ra, 2024-yilning dastlabki yarim yilligida «Ohangaronsement» AJ 209,4 mlrd so‘m zarar ko‘rdi. 2023-yilning mos davrida ushbu ko‘rsatkich 5 mlrd so‘mni tashkil qilgan edi. «Ohangaronsement» AJ sof tushumi 35 foizga kamaygan, sotilgan mahsulot tannarxi esa, 3,6 foizga oshgan.
Ushbu davr yirik sement ishlab chiqaruvchi kompaniyalar uchun ham zararli bo‘ldi. Masalan, «Quvasoysement» 14 milliard so‘m, «Bekobodsement» 44 milliard so‘m zarar ko‘rdi. Faqatgina «Qizilqumsement» 0,5 milliard so‘m foyda oldi.
Avvalroq «Kursiv» O‘zbekistonda sement ishlab chiqarish olti oy ichida 37 foizga oshgani haqida xabar bergan edi.