
Oʻzbekistonlik erkin kurashchi Razambek Jamalov (-74 kg) yarim finalga chiqdi. Bu haqda Milliy olimpiya qoʻmitasi xabar berdi.
Oʻzbekistonlik sportchi chorak final bahsida albaniyalik Chermen Valiyevni magʻlubiyatga uchratib, yarim final yoʻllanmasini qoʻlga kiritdi. Endi u final yoʻllanmasi uchun tojikistonlik Viktor Rassadinga qarshi kurashadi.
Shuningdek, oʻzbekistonlik gimnastikachi qizlar ham final bahslariga yoʻllanma oldi. Guruh mashqi yoʻnalishining saralash bosqichida Oʻzbekiston terma jamoasi a’zolari 64.000 ball bilan 7-oʻrinni egallashdi. Bu orqali ular ertaga boʻlib oʻtadigan final bosqichida ishtirok etish imkoniyatiga ega boʻldi.

Oʻzbekistonlik sportchilar Olimpiya oʻyinlarida suvga sakrash dasturida ham debyut qildi. 10 metrli platformadan sakrash boʻyicha ishtirok etgan Igor Myalin saralashda 357.10 ball jamgʻardi va 21-natijani qayd etdi. Afsuski, bu natija unga yarim final yoʻllanmasi uchun kamlik qildi.

Taekvondo WT boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi a’zosi Ozoda Sobirjonova (-67 kg) birinchi davra bahsida serbiyalik Aleksandra Perishich bilan kuch sinashib, 1:2 hisobida imkoniyatni boy berdi. Endi Perishich finalgacha yetib borsa, Sobirjonova bronza medali uchun kurashish imkoniyatiga ega boʻladi.

Yana bir Taekvondo WT boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi a’zosi Jasur Jaysunov Olimpiya oʻyinlaridagi dastlabki jangini oʻtkazdi. Eronlik nomdor sportchi Mehran Barhordoriga qarshi bahs olib borgan Jaysunov 1:2 hisobida imkoniyatni boy berdi. Endi Barhordori finalga yetib borgan taqdirda Jaysunov bronza medali uchun kurashish imkoniyatiga ega boʻladi.

Javrail Shapiyev kechki dasturda bronza medali uchun kurashadi. -86 kg vazn toifasida ishtirok etayotgan Javrail Shapiyev oʻtish bosqichida kanadalik Aleks Murni magʻlubiyatga uchratishga muvaffaq boʻldi. Endi u kechki dasturda bronza medali uchun amerikalik Aron Bruksga qarshi gilamga chiqadi.

Avvalroq «Kursiv» Oʻzbekiston medallar jamgʻarish boʻyicha Markaziy Osiyoda peshqadamga aylangani haqida xabar bergan edi.