Toshkentda uy-joylar ijara narxlari: eng arzoni Sergelida boʻlsa, eng qimmat narxlar Mirobod va Yakkasaroyda

eʼlon qilindi ( yangilandi)
O‘rtacha ta’mirlangan xonadonlar uchun ijara narxlari pasayishda davom etgan bo‘lsa, to‘liq ta’mirlangan xonadonlar uchun ijara narxlari ozgina koʻtarildi
Foto: Roman Fedotov / «Kursiv»

Joriy yilning iyul oyida poytaxtda oʻrtacha ta’mirlangan xonadonlar uchun ijara narxlari pasayishda davom etgan boʻlsa, toʻliq ta’mirlangan xonadonlar uchun ijara narxlari ozgina koʻtarildi. Bu haqda Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, iyul oyida Toshkentda oʻrtacha ta’mirlangan uylar uchun ijara narxlari iyun oydagiga nisbatda oʻrtacha hisobda 0,7 foizga arzonlashdi. Toʻliq ta’mirlangan xonadonlar uchun esa oʻrtacha hisobda 0,3 foizga oshganini koʻrish mumkin.

Oʻrtacha ta’mirlangan uy-joy ijarasi

Joriy yilning iyul oyida oʻrtacha ta’mirlangan 1 xonali uylar uchun ijara narxlari iyun oyidagiga nisbatan (0,2 foiz) oshgan boʻlsa, 2–4 xonali uylarning ijara narxlari pasaydi. Xususan, oʻrtacha ta’mirlangan 2 xonali uylar uchun 0,4 foizga, 3 xonali uylar uchun 1,1 foizga, 4 xonali uylar uchun esa 1,6 foizga.

Oʻrtacha ta’mirlangan xonadonlar uchun nisbatan arzon ijara narxlari Sergeli tumanida (1 xonali – $273, 2 xonali – $335, $3 xonali – 379, 4 xonali – $420 qayd etildi. Eng qimmat ijara narxlari esa Mirobod tumanida (1 xonali – $334, 2 xonali – $433, 3 xonali – $557, 4 xonali – $713) kuzatilganini koʻrish mumkin.

Toʻliq ta’mirlangan uy-joylar ijarasi

Toʻliq ta’mirlangan 1 xonali uy-joylar uchun taklif etilgan oʻrtacha ijara narxlari iyun oyidagiga nisbatan pasaygan boʻlsa-da, 2 xonali, 3 xonali va 4 xonali uy-joylar uchun taklif etilgan oʻrtacha ijara narxlarining oshishi kuzatildi. Mazkur davrda 1 xonali uy-joylar ijarasi 1,5 foizga arzonlashgan, biroq 2 xonali uy-joylar ijarasi oʻrtacha 0,9 foizga, 3 xonali uy-joylar ijarasi 1,2 foizga, 4 xonali uy-joylar ijarasi 0,6 foizga qimmatlashgan.

Toʻliq ta’mirlangan uy-joylarning eng arzon ijara narxlari Sergeli tumanida (1 xonali – $341, 2 xonali – $400, 3 xonali – $506, 4 xonali – $591) qayd etildi. Eng qimmat ijara narxlari esa Yakkasaroy tumanida (1 xonali – $443, 2 xonali – $658, 3 xonali – $388, 4 xonali – $1170) koʻrsatildi.

Avvalroq «Kursiv» joriy yil iyul oyida ko‘chmas mulk bozori tiklangani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek