Yangiliklar

Hokimlik: mahallalarda yer sotish platformasi shaffof ishlaydi

Ma’muriyat yangi platformaning ishga tushirilishiga izoh berdi
Rasm: Skrinshot

Toshkent hokimligi mahallalarda hududlarni sotish va ijaraga berish bo‘yicha yangi platforma – projects.toshkentinvest.uz ishga tushirilishiga izoh berdi. Ma’muriyatning ta’kidlashicha, E-auksion platformasi bilan integratsiyalashgan tizim shaffof ishlaydi.

«Obyektlarni sotish yoki ijaraga berishdan olingan barcha mablag‘lar mahalla va tuman rivojlantirish jamg‘armasiga yo‘naltiriladi», deyiladi hokimlik xabarida.

Hokimlik «Obod mahalla» dasturi doirasida ushbu hududni xavfsizroq joyga ko‘chirish niyatida ekanligini ta’kidladi. Shuningdek, qoplamani yangilash va yangi jihozlarni o‘rnatish rejalashtirilgan.

«Mahallaning yangi bosh rejasi bevosita aholining istaklari va ular bilan kelishilgan holda ishlab chiqilgan. Jumladan, bolalar maydonchasi joylashuvini o‘zgartirish, ya’ni uni transport qatnovi qismdan ichkariroqqa ko‘chirish ham aholi istagi edi. Shuningdek, loyiha hududdagi daraxtlarning kesilishini istisno qiladi», deyiladi xabarda.

Ta’mirlash nafaqat bolalar maydonchasi, balki yoritish, sug‘orish tizimlarini yaxshilash, qo‘shimcha daraxt ko‘chatlari ekish, o‘rindiqlar va axlat qutilarini o‘rnatishni ham o‘z ichiga oladi.

Toshkent shahar hokimligi Beruniy bog‘ining yangi konsepsiyasini ishlab chiqish maqsadida poytaxt aholisi o‘rtasida so‘rovnoma boshlagani haqida avvalroq xabar berilgan edi.