Yangiliklar

«Parij – 2024» yozgi Olimpiya o‘yinlari sarhisobi

Uch sportchi ikki karra chempion bo‘lishga erishdi
Foto: Olympic.uz

O‘zbekiston «Parij – 2024» yozgi Olimpiya o‘yinlaridagi ishtirokini 13-o‘rinda yakunladi. Bu haqda Olimpiya o‘yinlari rasmiy saytida ma’lum qilindi.

Parij Olimpiya o‘yinlari O‘zbekiston uchun rekordlarga boy o‘tdi. 1996-yildan beri ishtirok etib kelayotgan Oʻzbekiston delegatsiyasi o‘z tarixida bu yilgidan yaxshi natija ko‘rsatmagan. O‘zbekiston Parij 2024-yozgi Olimpiya o‘yinlarida sakkizta oltin, ikkita kumush va uchta bronza medallari orqali 13-pog‘onani zabt etdi.

O‘zbekistonning turli reytinglarda egallab turgan o‘rinlari:

Jahon reytingida — 13-o‘rin

Osiyoda — 4-o‘rin (Xitoy, Yaponiya va Janubiy Koreyadan keyin)

MDH davlatlari ichida — 1-o‘rin

Turkiy davlatlar ichida — 1-o‘rin

Markaziy Osiyo davlatlari ichida — 1-o‘rin

Musulmon mamlakatlar ichida — 1-o‘rin

Boks sport turi bo‘yicha — 1-o‘rin

Rasm: Olympics.com saytidan olindi

Unga ko‘ra, Diyora Kedliyorova (dzyudo), Ulugʻbek Rashitov (taekvondo), Hasanboy Doʻsmatov (boks), Abdumalik Halokov (boks), Asadxoʻja Moʻydinxoʻjayev (boks), Lazizbek Mullojonov (boks), Bahodir Jalolov (boks) va Razambek Jamalov (erkin kurash) o‘z sport turlarida yengilmas deb topildilar.

Kumush medal sohiblari esa ikkita: Akbar Joʻrayev (ogʻir atletika) hamda Svetlana Osipova (taekvondo) bo‘ldilar.

Hamyurtlarimiz Muzaffarbek Toʻraboyev (dzyudo), Alisher Yusupov (dzyudo) va Gʻulomjon Abdullayev (erkin kurash) bellashuvlarda munosib ishtirok etib, O‘zbekiston hisobiga bronza medallarini yozdirib qo‘ydilar.

Ma’lumot uchun, oxirgi 16 yilda bo‘lgan to‘rtta yozgi Olimpiya bellashuvlarida sportchilarimiz jami yettita oltin medal yutib olgan edi.

Ahamiyatlisi shundaki, MOQ Olimpiyadada oltin medalni qoʻlga kiritgan sportchiga $200 ming dollar, kumush medal’ egasiga $100 ming, bronza sohibiga esa $50 ming berilishini aytgan.

Shu bilan birga, murabbiylar ham mos ravishda 50 ming, 25 ming va 12,5 ming dollar miqdoridagi mukofot pullariga ega bo‘ladi.

Hisob-kitobga ko‘ra, sportchi va murabbiylariga jami $2,5 mln atrofidagi mukofot puli beriladi. Shuningdek, sportchilar kvartira, yengil avtomobil kabi sovg‘alar bilan ham taqdirlanishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Parij – 2024» yozgi Olimpiya o‘yinlarining yopilish marosimi qanday o‘tgani haqida yozgan edik.