Yangiliklar

Oliy ta’lim bitiruvchlarining qariyb 60 foizi ishsiz ekanligi ma’lum qilindi

2024-yilda oliy ta’lim muassasalarini 214 ming nafar talaba bitirgan
Foto: . shock / depositphotos.com

2024-yilda oliy oʻquv yurtlari bitiruvchilarining 59 foizi hali ham ishsizligi aytildi. Bu haqda Bandlik vaziri Behzod Musayev Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida ma’lum qildi.

Behzod Musayevning ta’kidlashicha, 2024-yilda oliy ta’lim muassasalarini 214 ming nafar talaba bitirgan. Ularning 41 foizi, ya’ni 88 ming nafari Yagona milliy mehnat tizimi orqali ishga joylashgan.

Bitiruvchilarning 59 foizi, ya’ni 126 ming nafari hali ham ishsizligi aytildi. Shu bilan birga, avgust oyida har bir bitiruvchini yashash joyi orqali ishga joylashtirish rejalashtirilgan.

Shuningdek, joriy yilning birinchi yarim yilligida Yagona mehnat tizimi orqali 139 ming korxona va tashkilotlarda 358 mingta boʻsh ish oʻrinlari roʻyxatga olingan. Boʻsh ish oʻrinlarining 81 mingtasi davlat organlarida boʻlsa, qolgan 277 mingtasi xususiy sektorda.

Musayevning qoʻshimcha qilishicha, yilning ikkinchi yarmida aholi bandligini ta’minlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar koʻrilmoqda. Xususan, yigʻim-terim mavsumi boshlanishi bilan qishloq xoʻjaligiga 500 mingga yaqin aholini jalb etish rejalashtirilgan.

Avvalroq «Kursiv» Oʻzbekistonda ishsizlik darajasi 6,8 foizga kamaygani haqida xabar bergan edi.