Bank bankrot boʻlsa, 200 million soʻmgacha boʻlgan omonatlar toʻliq qaytariladi: bu borada ekspert xulosasi qanday

eʼlon qilindi ( yangilandi)
Bosh muharrir o‘rinbosari
Bu kichik banklarning rivojlanishiga hissa qo'shishi mumkin
Фото: Victorburnside / www.depositphotos.com

Oʻzbekistonda fuqarolarning omonatlarini kafolatlash tizimi isloh qilinmoqda. Bu haqda parlament matbuot xizmati xabar berdi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tegishli qonun loyihasini birinchi oʻqishda qabul qildi. Loyihaga koʻra, omonatlarga boʻlgan kafolat miqdori cheklanadi. «Kursiv» nashri bu borada mutaxassislar bilan suhbatlashdi.

Kafolatlangan omonatlarning maksimal miqdori 200 million soʻmni tashkil etadi. Parlament quyi palatasining xabariga koʻra, bu qaror iqtisodiy inqirozlarning salbiy oqibatlarini kamaytirishga yordam beradi. Oʻtkazilgan tahlil natijasiga koʻra, belgilangan 200 million soʻm miqdori hozirgi sharoitda omonatlarning 99,7 foizini toʻliq kafolatlaydi.

Nima o’zgaradi

Qonun loyihasi tashabbuskorlarining tushuntirishicha, belgilangan limitga qaramasdan, banklar mijozlar oldidagi fuqarolik javobgarligidan ozod boʻlmaydi. Omonatchilar bankdan belgilangan miqdordan ortiq boʻlgan mablagʻlarni qaytarishni talab qilishi mumkin.

Muhimi shundaki, kafolatlar har bir mijozning faqat bitta bankdagi omonatlariga taalluqli. Agar fuqaro bir nechta bankda omonatga pul qoʻygan boʻlsa, loyihada nazarda tutilgan yangi tizim barcha omonatlarni muhofaza qiladi, hatto banklar bir vaqtning oʻzida bankrot boʻlib qolsa ham.

Mutaxassislar qanday fikrda

Mybank boshqaruv raisi Ulugʻbek Tavakkalovning fikricha, Oʻzbekistonda omonatlar uchta asosiy usul bilan himoya qilinadi: Omonatlarni kafolatlash fondi (OQF), Markaziy bankka majburiy ajratmalar va bank bankrot boʻlgan taqdirda kreditorlarning talablarini ustuvor tarzda qanoatlantirish talabi orqali.

Tavakkalovning qoʻshimcha qilishicha, OQF limitlarini belgilash omonatlarning kamayishiga jiddiy taʼsir koʻrsatmaydi, chunki banklar mijozlar oldidagi majburiyatlarini toʻliq bajarishda davom etadi. Uning soʻzlariga koʻra, bunday amaliyot standart hisoblanadi va masalan, Qozogʻistonda ham maksimal kafolat miqdorining chegarasi belgilangan.

Kap Depo investitsiya kompaniyasining katta tahlilchi Shodibek Kenjayev ham oʻzgarishlar bank omonatlari bozoriga jiddiy taʼsir koʻrsatmasligi kerak degan fikrga ko‘shildi.

«Soʻnggi yillarda mahalliy banklar oʻzlarini ishonchli deb koʻrsatdi. Banklardagi muammoli kreditlarning oʻrtacha ulushi 4-5% ni tashkil etadi xolos», – deydi ekspert.

Ekspertning taʼkidlashicha, har bir bank uchun 200 million soʻmlik kafolatlangan limit mavjud boʻlgani sababli, nazariya jihatidan omonatlarning umumiy kafolatlangan miqdori 6 mlrd soʻmdan oshishi mumkin.

«Bu limitning asosiy maqsadi – moliyaviy xatarlarni boshqarishdir. U omonatchilarni oʻz mablagʻlarini turli banklar oʻrtasida taqsimlashga undaydi. Bu esa bir bank bankrot boʻlgan taqdirda yoʻqotish xatarini kamaytiradi va O‘zbekiston moliya tizimida barqaror va diversifikatsiyalangan depozit bozoriga xizmat qiladi», – dedi Shodibek Kenjayev.

Ekspertning fikricha, mazkur qonun loyihasini kichik banklarning tezroq oʻsishiga yordam berishi mumkin. Bu butun moliya bozoriga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.

Oʻzbekiston Markaziy banki maʼlumotlariga koʻra, 2024-yil 1-iyul holatiga koʻra, Oʻzbekiston bank tizimidagi omonatlar hajmi 265,5 trillion soʻmni tashkil etadi. Bir yil ichida nominal oʻsish 31%, real oʻsish (devalvatsiyasiz) esa 28%ni tashkil etdi.

Oʻzbekistondagi banklardan oxirgi marta 2022-yilda litsenziyalar bekor qilingan. Oʻsha yili 7-oktyabrda «Turkiston» va Hi-Tech banklari ruxsatnoma hujjatlaridan mahrum boʻlgan. Moliya institutlari buxgalteriya hisobini noto‘g‘ri yuritgan (buzilishlar bilan), yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan yo‘qotishlarga qarshi yetarli zaxiraga ega bo‘lmagan va boshqa qonun talablarini buzgan.

Shuningdek