Banklar va moliya

Banklar endi choʻntagingizda: nega O‘zbekistonda raqamli bank xizmatlari ommalashmoqda

«Kursiv» nashri tarmoqdagi transformatsiya jarayonini batafsil tahlil qildi
Foto: billiondigital / www.depositphotos.com

Oʻzbekiston banklari raqamli texnologiyalar davriga qadam qoʻyib, mijozlarga yanada jozibali takliflarni taqdim etmoqda. Endilikda smartfon orqali foizsiz pul oʻtkazmalarini amalga oshirish, depozit ochish va kredit olish oddiy ishga aylandi. Bugungi kunda respublikadagi bank tizimida sodir boʻlayotgan raqamlashtirish jarayonlari haqida «Kursiv» nashri tartibga soluvchi organ, rivojlantirish instituti va bank sektori vakillari bilan suhbatlashdi.

Pandemiya sharoitida raqamli texnologiyalarning rivojlanishi

Mahalliy reyting agentligi SNS Ratings ma’lumotlariga koʻra, mamlakatdagi deyarli barcha banklarda mobil ilova mavjud (2024-yil may oyi holatiga koʻra). Reyting 35 ta moliya institutidan 33 tasiga berilgan. Ulardan faqat bitta mobil ilova qoniqarsiz bahoga ega, qolganlari esa ideal yoki qoniqarli bahoga ega bo‘ldi.

Raqamli moliyaviy xizmatlar bozorining bugungi holati doim ham shunday boʻlmagan. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki pul-kredit siyosati departamenti boshligʻi Eldor Zakirov «Kursiv» nashriga bergan intervyusida soʻnggi toʻrt yilda banklarning raqamlashtirish jarayoni tezlashganini ta’kidladi. Bu jarayon pandemiya davridan boshlangan boʻlib, oʻsha paytda qat’iy cheklovlar tufayli bankga borish imkoni boʻlmagan, biroq bunday xizmatlarga boʻlgan ehtiyoj saqlanib qolgan.

«Shuning uchun banklar birma-bir mobil ilovalarni yaratishni boshladi. Oʻsha paytda ular hozirgidek rivojlangan va qulay emas edi. Mijozlarni jalb qilish maqsadida moliyaviy muassasalar depozitlarga yuqori foiz taklif qila boshladi», — deb ta’kidladi tartibga soluvchi organ vakili.

Zakirovning fikricha, bunday yondashuv bejiz emas. Raqamlashtirish tufayli banklar oʻz xarajatlarini qisqartira oladi. Xarajatlarni optimallashtirish esa oʻz navbatida depozitlarga yuqori foiz, jumladan, yanada foydali shartlar taklif qilish imkonini beradi. Oflayn xizmatlar moliyaviy muassasalarni xodimlarni ishga olish, binolarni ijaraga olish kabi xarajatlarga majbur qiladi, shuning uchun an’anaviy banklarning operatsion xarajatlari raqamli banklarnikiga nisbatan yuqori. Bu omil barcha moliyaviy institutlarni xizmatlarni mobil ilovalar yoki onlayn orqali koʻrsatishga undaydi, deb xulosa qildi Markaziy bank vakili.

Oʻzaro manfaatli muvozanat

Oʻzbekistonda raqamlashtirish jarayonini nafaqat kichik, balki yirik moliyaviy muassasalar ham amalga oshirmoqda.

AVO bank boshqaruv raisi Artyom Popovning ta’kidlashicha, Oʻzbekistondagi bank tizimida raqamli transformatsiya jarayoni kuchaymoqda.

«Har yili koʻplab banklar raqobatbardoshlikni oshirish va mijozlarga xizmat sifatini yaxshilash maqsadida raqamli texnologiyalarni joriy etishning zarurligini anglab yetmoqda. Shuning uchun hozirda onlayn-banking, mobil ilovalar va raqamli toʻlovlar sohasida sezilarli oʻsish kuzatilmoqda. Bu innovatsiyalar mijozlarning moliyaviy xizmatlardan foydalanishini yengillashtiradi. Shu bilan birga, banklar uchun bozordagi oʻzgarishlarga tezkor javob berish, jumladan, oldin koʻpchilik foydalana olmagan moliyaviy xizmatlarni taklif qilish imkonini beradi», — deydi AVO bank boshqaruv raisi.

Fotoda Artyom Popov

Yuqorida sanab oʻtilgan omillar AVO bankni ham raqamli texnologiyalarga asoslanishga undadi. Moliyaviy muassasa mijozlariga AVO ilovasi orqali moliyaviy masalalarni boshqarish xizmatlarini taklif etadi. Bu masalani yechishda tizimli yondashuv tanlanib, toʻliq raqamli platforma yaratildi. Loyiha doirasida ichki AKT infratuzilmasi modernizatsiya qilindi, ma’lumotlarni tahlil qilishning yangi usullari joriy etildi va biznes-jarayonlar avtomatik tarzda amalga oshiriladigan boʻldi.

Natijada yangi mahsulotlar paydo boʻldi. Faqatgina ilk uch oyda AVO bank ilovasini (2024-yil fevralida ishga tushirilgan) bir milliondan ortiq foydalanuvchi yuklab oldi va bu raqam oʻsishda davom etmoqda.

Dastlabki mahsulot sifatida AVO platinum kredit kartasi tanlandi. Artyom Popovning ta’kidlashicha, bu xizmatda qulaylikka alohida e’tibor qaratilgan: kredit limitini sutkaning istalgan vaqtida dunyoning istalgan nuqtasidan olish va har qanday ehtiyoj uchun sarflash mumkin.

«Raqamli texnologiyalar tufayli AVO platinum kartasini mamlakatning istalgan burchagida yashovchi har bir fuqaro rasmiylashtirishi mumkin», — deb ta’kidladi bank rahbari. Uning soʻzlariga koʻra, mijozlarni 45 kungacha boʻlgan imtiyozli davr mobaynida qarz mablagʻlaridan foizsiz foydalanish imkoniyati jalb qilmoqda.

Biroq raqamlashtirish kiberjinoyatchilikning keng tarqalganini hisobga olib, kiberxavfsizlik sohasiga katta investitsiyalarni talab qiladi.

«Biz barcha tizimlarni хakerlar hujumi yoki boshqa turdagi kiberhujumlarning oldini olish uchun doimiy ravishda tekshiruvlar olib boramiz, shu maqsadda professional tashqi auditorlar xizmatidan foydalanamiz. Ma’lumotlar xavfsizligidan tashqari, biz mijozlarimizni turli firibgarliklardan himoya qiluvchi keng koʻlamli xizmatlar va jarayonlarga katta e’tibor qaratamiz. Bizning tizimlarimiz PCI DSS va boshqa xalqaro xavfsizlik standartlariga javob beradi, bu mijozlarimiz shaxsiy va moliyaviy ma’lumotlarining yuqori darajada himoyalanganligini kafolatlaydi», — deb xulosa qildi Artyom Popov.

Kengayish istiqbollari

Osiyo taraqqiyot bankining (OTB) Oʻzbekistondagi vakolatxonasi xususiy sektorni rivojlantirish boʻyicha katta mutaxassisi Adhamjon Kuchkarovning fikricha, mamlakat bank tizimini yanada raqamlashtirish uchun katta imkoniyatlar mavjud. Yangi texnologiyalarni faol oʻzlashtiruvchi yoshlarning yuqori ulushi va mobil internetning keng tarqalgani raqamli moliyaviy xizmatlarni rivojlantirish uchun qulay muhit yaratmoqda. Turli baholashlarga koʻra, 2024-yilning 30-iyuliga qadar deyarli 37,2 million aholiga ega boʻlgan Oʻzbekistonda internet foydalanuvchilarining soni taxminan 30 millionni tashkil etadi.

Fotoda Adhamjon Kuchkarov

Mutaxassisning ta’kidlashicha, raqamli texnologiyalarning tez sur’atlar bilan rivojlanishi va mijozlarning kutilmagan talablari banklarni axborot texnologiyalari infratuzilmasini rivojlantirish va innovatsion xizmatlar yaratishga majbur qilmoqda. Natijada bozorda marketpleyslar, yetkazib berish xizmatlari va kredit berish funksiyasiga ega boʻlgan ekotizimlar yoki super-ilovalar paydo boʻldi. Kuchkarovning fikricha, yangi yechimlarni nazorat qilinadigan muhitda sinab koʻrish imkonini beradigan tartibga soluvchi qumdon bu jarayonni tezlashtirishi mumkin.

Ammo raqamlashtirishni yanada kengaytirish uchun banklar yana qilaverishi kerak bo‘lgan ishlar bor, deydi Osiyo taraqqiyot banki vakili. Masalan, mamlakat fuqarolari hali ham naqd pullardan keng foydalanishadi, garchi kichik ijobiy oʻzgarishlar boʻlsa-da. 2024-yilning yanvar–iyun oylarida Oʻzbekistondagi bank kartalariga 468 trillion soʻm mablagʻ tushgan. Bu mablagʻning 107 trillioni, ya’ni taxminan 23 foizi naqd pulga aylantirilgan. Taqqoslash uchun: oʻtgan yili kartalardan taxminan 24 foiz mablagʻ olingan.

Bu kabi statistika aholining bank tizimiga boʻlgan ishonchini oshirish zaruratini koʻrsatadi, deydi ekspert. Bu faqatgina raqamli banklar uchun emas, balki an’anaviy banklar uchun ham muhim.

«Raqamli xizmatlarni rivojlantirish uchun aholining moliyaviy savodxonligini oshirish lozim. Odamlar hali ham pullarini bankka ishonib topshirish uchun bank va xodimlarni oʻz koʻzlari bilan koʻrishni istashadi», — deydi mutaxassis.

Banklarning yanada rivojlanishi uchun sun’iy intellekt bilan ishlashni kuchaytirish, loyallik dasturlarini (faqat yangi mijozlar uchun emas) va bank ilovalarini rivojlantirish zarur. OTB mutaxassisining ta’kidlashicha, bank ilovalaridagi xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlarning cheklangan doirasi tufayli har doim ham foydalanuvchilar uchun qulay boʻlavermaydi.

«Banklarning raqamli transformatsiyasining muvaffaqiyati koʻp jihatdan yuqori malakali AKT mutaxassislarining mavjudligi va bank xodimlarining oʻzgarishlarga tayyorligiga bogʻliq. Texnik modernizatsiyadan tashqari (ma’lumotlar va tranzaksiyalarni qayta ishlash uchun yangi server imkoniyatlari talab qilinadi), biznes-jarayonlarni raqamli iqtisodiyot talablariga moslashtirgan holda qayta qurish lozim. Bu mijozlarni identifikatsiya qilish, toʻlov qobiliyatini baholash va ma’lumotlar xavfsizligini ta’minlash uchun yangi vositalarni joriy etish kerakligini anglatadi. Buning uchun faqat zamonaviy texnologiyalar emas, balki xodimlarning tegishli bilim va koʻnikmalarga ega boʻlishi ham talab qilinadi», — deya xulosa qildi Adhamjon Kuchkarov.