Mulkiy nizo sabab uch kishi o‘ldirildi
Namangan viloyati Pop tumanida sodir etilgan jinoyatda ona va ikki nafar bola qasddan o‘ldirilgan. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov «Kursiv»ga ma’lum qildi.
Jinoyat joriy yilning 9-avgust kuni soat taxminan 21:40 larda sodir bo‘lgan. Voqea tafsiloti – gumonlanuvchi Muhamatjonov Abobakr qarindoshi (marhum) Raxmatova Mohiraning yashash xonadoniga borgan. Shundan so‘ng avvaldan mavjud bo‘lgan mulkiy nizo sabab janjal yuzaga kelgan. Gumonlanuvchi Muhamatjonov jabrlanuvchi Raxmatovani hamda uning ikki nafar farzandini tanasining turli qismlariga pichoq bilan urib o‘ldirgan va voqea joyidan yashiringan.
Hayot Shamsutdinov Jinoyat kodeksining 97-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida ma’lumot berdi.
«Mazkur holat yuzasidan 10.08.2024 yilda JKning 97-moddasi jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda», — deya qo‘shimcha qildi Shamsutdinov.
Avvalroq «Kursiv» sobiq Qishloq xo‘jaligi vaziriga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqish boshlangani haqida xabar bergan edi.