Sobiq Qishloq xo‘jaligi vaziriga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqish boshlanadi
Sobiq Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov o‘zlashtirish, mansab vakolatini suiiste’mol qilish va mansab soxtakorligi bo‘yicha ayblanmoqda. Mazkur jinoyat ishi Mirobod tumani sudi tomonidan 15-avgust kuni ko‘rib chiqiladi. Bu haqda «Kursiv» Oliy sudning rasmiy sayti orqali xabar topdi.
Voitovga qo‘shimcha ravishda ikki tadbirkor, «Beltepa Master Story» MChJ asoschisi Orzubek Rajabov va «Lanell Group» va «Rainbow-Teks» kompaniyalarining asoschisi Alisher Urinbayev ham ayblanmoqda.
Aziz Voitovga nisbatan Jinoyat kodeksining bir qancha moddalari bo‘yicha ayblovlar e’lon qilingan.
167-modda 3-qismi «a» va «v» bandlari (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 205-modda 2-qismi «a» bandi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish), 206-moddasi 2-qismining «a» bandi (hokimiyat yoki mansab vakolat doirasidan chetga chiqish), 209-moddasi 2-qismi «a» bandi ( mansab soxtakorligi).
Eslatib o‘tamiz, Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tumani sudining 2023-yil 14-dekabrdagi ajrimi bilan Bosh prokuror o‘rinbosarining iltimosnomasi qanoatlantirilib, gumon qilinuvchi Aziz Voitovga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilib, qamoqqa olinishi va tergov hibsxonasiga joylashtirilishi belgilangan edi.
Avvalroq «Kursiv» «Saidaziz Medgorodok» 20 yilga qamalgani haqida xabar bergan edi.