BMT Bosh Assambleyasi Oʻzbekiston tashabbusini ma’qulladi
13-avgust kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT)ning Bosh qarorgohida Oʻzbekiston tashabbusi bilan ishlab chiqilgan rezolyutsiya qabul qilindi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar berdi.
Unga koʻra, mazkur rezolyutsiya «Degradatsiyaga uchragan va qurgʻoq hududlarda barqaror oʻrmonzorlarni barpo etish, daraxt ekish va ularni targʻib qilish – ekologik muammolarga qarshi kurashning samarali yechimi» ga qaratilgan.
«Rezolyutsiya Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Oʻzbekistonda hayotga tatbiq etilayotgan, shahar va qishloq hududlarini koʻkalamzorlashtirish orqali bioxilma-xillikni saqlash va tiklashga qaratilgan “Yashil makon» umummilliy dasturi konsepsiyasi asosida ishlab chiqilgan”, deyiladi xabarda.
Rezolyutsiyaga 100 dan ortiq a’zo davlatlar hammualliflik qildi. Rezolyutsiya oʻrmonlarni barqaror boshqarish va daraxt oʻtkazishning iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik afzalliklari har tomonlama qaratilgan.
Shuningdek, unda ekologik usullardan foydalangan holda biologik xilma-xillikni saqlash va koʻpaytirish maqsadida BMTga a’zo davlatlarga daraxt ekishga oid aniq tavsiyalar beriladi.
Avvalroq «Kursiv Uzbekistan» BMTning «Dunyo aholisining 2024-yilga boʻlgan istiqbollari» hisobotiga tayanib, Oʻzbekiston aholisi 2100-yilga kelib 74,2 mln kishiga koʻpayishi haqida xabar bergan edi.