Iyul oyida ishbilarmonlik faolligi indeksi sezilarli darajada yaxshilandi
Ishbilarmonlik faolligi indeksi (IFI) 2024-yil iyul oyida 1160 birlikni tashkil etib, iyun oyiga nisbatan 16,0 foizga sezilarli darajada oshgan. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan baholangan hisobotda ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, ishbilarmonlik faolligi indeksida oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 33,5 foizlik oʻsish kuzatildi. Ishbilarmonlik faolligi indeksining oʻtgan oyga nisbatan oʻsishi quyidagi komponentlar darajasidagi oʻzgarishlarga bogʻliq boʻlgan:
- xoʻjalik yurituvchi subyektlarning bank hisobvaraqalaridagi operatsiyalar soni 12,9 foizga oshgan;
- faoliyat koʻrsatayotgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar boʻyicha komponent 0,8 foizga oshgan;
- tovar-xom ashyo birjasida xom ashyo sotib olish jadalligi 24,4 foizga oshgan;
- tovar belgilari boʻyicha komponent 52,8 foizga sezilarli darajada oshgan.
Hududlar kesimida Sirdaryo viloyatida eng yuqori oʻsish sur’ati qayd etilgan. 2024-yil iyun oyida Ishbilarmonlik faolligi indeksi 13 ta hududda oʻtgan oyga nisbatan oʻsish kuzatilgan. Sirdaryo (63,3 foiz), Namangan (45,2 foiz) Samarqand (43,2 foiz), Jizzax (32,7 foiz) viloyatlari va Toshkent (47,1 foiz) shahrida sezilarli darajada oʻsish kuzatilgan. Shu bilan birga, ushbu indeks Qashqadaryo (-7,5 foiz) viloyatida pasayishi kuzatilgan.
Avvalroq «Kursiv Uzbekistan» 2024-yilning olti oyida respublika boʻylab soliq tushumlari hajmi oʻtgan yilning shu davridagiga nisbatan 12,5 foizga oʻsgani haqida xabar bergan edi.