Isroil delegatsiyasi muzokaralarda ishtirok etish uchun Dohaga boradi
Binyamin Netanyaxu Isroil delegatsiyasining 15-avgust kuni Doha (Qatar poytaxti)da bo‘lib o‘tadigan G‘azo sektori bo‘yicha muzokaralarda ishtirok etishini tasdiqladi. Bu haqda Isroil hukumat idorasi ma’lum qildi.
Ushbu muzokaralar mintaqaviy vaziyatni tartibga solish va muhim masalalarni hal qilish uchun o‘tkazilayotgan bo‘lishi mumkin.
«Bosh vazir Binyamin Netanyaxu Isroil delegatsiyasining ertaga Dohaga jo‘nab ketishini va muzokaralar uchun mandatni ma’qulladi», deyiladi bayonotda.
Netanyaxuning ofis maslahatchisi Dmitriy Gendelman o‘zining Telegram kanalida Qatar poytaxti Dohada bo‘lib o‘tadigan muzokaralarga Isroil delegatsiyasining tarkibi David Barnea – Isroil milliy razvedka xizmati «Mossad» boshlig‘i, Ronen Bar – bosh xavfsizlik xizmati rahbari, Nitzan Alon – garovga olinganlarni almashish bo‘yicha koordinator, Ofir Falk – bosh vazirning xalqaro masalalar yuzasidan maslahatchilardan iborat bo‘lishi haqida ma’lumot berdi.
Eslatib o‘tamiz, Bosh vazirning idorasi Qatarda G‘azo masalasi bo‘yicha uchrashuvga delegatsiya yuborish niyatini e’lon qilgan edi. Misr, Qatar va AQSH davlatlari Isroil va Falastin harakati Hamas’ni 14–15-avgustda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarni qayta boshlashga chaqirdi. Uchta mamlakat yetakchilari kelishuvga erishish uchun yakuniy taklifni taqdim etishga tayyor ekanligini ma’lum qildi.
Avvalroq «Kursiv Uzbekistan» Eron Isroilga nima sababdan hujum qilmayotgani haqida xabar bergan edi.