Senat Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risidagi Konstitutsiyaviy qonunni ma’qulladi
Senatning 55-yalpi majlisida «O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonun muhokama qilindi.
Qonun bilan Vazirlar Mahkamasining vazifa va vakolatlariga bir qator o‘zgartirishlar kiritildi. Ijro etuvchi hokimiyatning iqtisodiyot, byudjet, moliya, soliq, ijtimoiy, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohalaridagi vakolatlari aniq belgilandi.
Bosh vazir, uning o‘rinbosarlari va vazirlarning tayinlanishi, lavozimidan ozod etilishi, majburiyatlari va shaxsiy javobgarligiga aniqlik kiritildi.
Qonunda hukumat faoliyatining mas’uliyati va ochiqligini oshirishga qaratilgan o‘zgarishlar kiritildi. Bosh vazir va vazirlar har yili Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga hisobot taqdim etishi belgilandi.
Senatorlar qonunning davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish va samaradorligini oshirishdagi muhimligini ta‘kidlashdi va uni ma‘qullashdi.
Avvalroq «Kursiv» tadbirkorlik sohasiga oid kodeksini tasdiqlash to‘g‘risidagi qonun ma’qullangani haqida xabar bergan edi.