Aleksey Navalniyning o‘lim sababi ochiqlandi
Rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniy Yamalo-Nenets avtonom okrugidagi koloniyada «aralash kasallik» tufayli vafot etdi. Bu haqda Tergov qo‘mitasi qarorida ma’lum qilindi.
Qarorda muxolifatchining o‘limida hech qanday jinoyat alomatlari mavjud emasligi ma’lum qilindi. Sud-med ekspertizasining №34/28 sonli tibbiy xulosasiga ko‘ra, Aleksey Navalniy surunkali pankreatit, xoletsistit hamda gepatit kasalliklari bilan og‘rigan.
Jinoyat ishiga oid hujjatlarda marhumning o‘limi yurak urish tizimida yuzaga kelgan buzilish bilan bog‘liq ekanligi ko‘rsatilgan.
«Navalniyning o‘limi aritmogen xarakterga ega bo‘lib, yurak ritmi va o‘tkazuvchanligining buzilishi bilan namoyon bo‘ladi», deyiladi Tergov qo‘mitasi bayonotida.
Marhumning rafiqasi (Yuliya Navalnaya) Alekseyning yurak xastaligi bilan kasallangani haqidagi ma’lumotni rad etdi. Shuningdek, mas’ullardan siyosatchining shaxsiy buyumlarini hamda tibbiy ekspertiza natijalarini muxolifatchining vakillariga taqdim etishni talab qilgan.
Aleksey Navalniy o‘lim sababi tromblar yorilishi deb aytilgan, lekin ushbu ma’lumot tasdiqlanmagan.
Navalniyning jasadi joriy yilning 24-fevral kuni onasiga qaytarilgan hamda 1-mart kuni dafn marosimi o‘tkazilgan.
Eslatib o‘tamiz, muholifatchining o‘limi haqida Yamalo-Nenets avtonom okrugidagi koloniyada vafot etgani haqida Federal jazoni ijro etish xizmati 16-fevral kuni xabar bergan edi.
Avvalroq «Kursiv Uzbekistan» Aleksey Navalniy vafot etgani haqida xabar bergan edi.