Toshkentda mingdan ortiq fuqarolarning pullarini oʻzlashtirgan firibgar qoʻlga olindi

eʼlon qilindi
Bu haqda IIV Kiberxavfsizlik markazi matbuot xizmati xabar berdi
Foto: VitalikRadko / depositphotos.com

Toshkent shahrida mingdan ortiq fuqarolarning 550 million soʻm pulini oʻzlashtirishda gumon qilingan firibgar qoʻlga olindi. Bu haqda IIV Kiberxavfsizlik markazi matbuot xizmati xabar berdi.

Samarqand viloyatida yashovchi fuqaro IIOga murojaat qilib, bank kartasidan 7,3 mln soʻm miqdoridagi pul mablagʻlari noma’lum shaxs tomonidan firibgarlik yoʻli bilan oʻzlashtirilganini ma’lum qilgan.

Oʻtkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida mazkur jinoyatni Toshkent shahrida yashovchi fuqaro sodir etgani aniqlangan. U jabrlanuvchiga qoʻngʻiroq qilib, unga «Lamifarm» tashkiloti tomonidan oʻtkazilayotgan tanlovda televizor va konditsioner yutib olganini aytgan.

Shundan soʻng ushbu yutuqlarni yetkazib berish xizmatiga 200 ming soʻm oʻtkazib berish kerakligi hamda telefon qurilmasiga kod kelishini aytgan va Payme ilovasidan kelgan kodni aytishi bilan plastik kartasidagi 7,1 ming soʻm miqdordagi pullarini yashirin tarzda oʻzining foydalanuvida boʻlgan plastik kartasiga oʻtkazib olgan.

Holat yuzasidan olib borilgan tezkor surishtiruv ishlari davomida ushbu shaxs telegramda Call center nomli akkaunt ochib, mingdan ortiq fuqarolarning 550 mln soʻm pullarini oʻzlashtirgani ma’lum boʻldi.

Hozirgi kunda mazkur holat yuzasidan JKning tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

Avvalroq «Kursiv Uzbekistan» Toshkentda bankdan 370 mlrd soʻm oʻgʻirlamoqchi boʻlgan kiberjinoyatchilar ushlangani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek