Yangiliklar

Madaniyat vaziri «Ovoz» loyihasiga 2 milliard soʻm sarflanganiga izoh berdi

Bu haqda 16-avgust kuni AOKAda oʻtkazilgan brifingda maʼlum qildi
Foto: AOKA

Oʻzbekiston Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov «Ovoz» loyihasi xarajatlari bilan bogʻliq tanqidlarga izoh berdi. Uning ta’kidlashicha, ushbu loyiha mamlakat imiji va iste’dodlarni rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega. Bu haqda u 16-avgust kuni AOKAda oʻtkazilgan brifingda ma’lum qildi.

«Bir narsani tushuninglar, bugungi kunda Oʻzbekistonni nufuzini koʻtarishga “Ovoz» loyihasi ham xizmat qilmoqda. Agar shuning uchun 2 milliard soʻm sarflash jinoyat boʻlsa, men bunga roziman. Butun dunyoda yagona musiqiy shou mana shu loyiha boʻlib turibdi va 76 ta davlatda namoyish etiladi. Sarflangan 2 milliard soʻmga malomat qilaversanglar, shu pulni hozir uyimni sotib boʻlsa ham beraman”, deydi Madaniyat vaziri.

«Ovoz» loyihasi dunyoning 76 mamlakatida efirga uzatiladigan «The Voice» xalqaro musiqiy shousining rasmiy franshizasi hisoblanadi. Nazarbekovning soʻzlariga koʻra, bu mamlakatga xalqaro hamjamiyatning e’tiborini tortdi. Vazir mazkur shou iste’dodlarni yuzaga chiqarish, Oʻzbekiston nufuzini xalqaro maydonda targʻib etishga xizmat qilishini alohida ta’kidladi.

2024-yil 2-aprel kuni Talent Show va Madaniyat vazirligi oʻrtasida «Ovoz» loyihasini amalga oshirish uchun 2 milliard soʻmlik shartnoma imzolangan. Ushbu mablagʻlar qisman olti oy davomida murabbiylar va loyihaning boshqa ishtirokchilariga gonorarlarni toʻlash uchun ishlatilgan.

Unga koʻra, teleloyihada qatnashuvchi 3 nafar ustoz uchun oyiga 38 mln soʻmdan jami 684 mln soʻm, 1 nafar badiiy rahbar uchun oyiga 57 mln soʻmda jami 342 mln soʻm, 1 nafar musiqa direktori uchun 38 mln soʻmdan, 228 mln soʻm hamda 6 nafar sozandaga 14,5 mln soʻmdan jami 522 mln soʻm ajratilgan.

Avvalroq «Kursiv Uzbekistan» Madaniyat vaziri kiyim doʻkonini reklama qilgani haqida xabar bergan edi.