Oʻzbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov Afgʻonistonga bordi
Bugun, 17-avgust kuni Oʻzbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov Afgʻoniston poytaxti Kobulga bordi. Bu haqda Tolibon Sanoat va savdo vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Abdulla Aripov Kobulga Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlar koʻrgazmasini ochish hamda Tolibon harakati bilan savdo aloqalari boʻyicha ikki tomonlama uchrashuvda ishtirok etish uchun tashrif buyurgan.
Uni Kobul aeroportida Tolibon bosh vazirining ma’muriy masalalar boʻyicha oʻrinbosari Abdul Salam Hanafiy kutib oldi.
Shuningdek, ushbu uchrashuvda Kobul va Toshkentda Tolibon va Oʻzbekiston oʻrtasida savdo palatalarini tashkil etish va iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilingan.
Avvalroq «Kursiv Uzbekistan» oʻzbekistonlik investorlar Afgʻoniston neft va gaz konlariga qiziqish bildirayotgani haqida xabar bergan edi.