«Toshkent» respublika fond birjasidan (RFB) joy olgan yuqori likvidli aksiyalarning aksariyat qismi ortda qolgan haftani arzonlashish bilan yakunladi. Shunga qaramasdan keskin oʻsish bilan yakunlaganlari ham bor. «Kursiv Uzbekistan» hafta davomida RFBdagi qimmatli qogʻozlarning dinamikasini oʻrganib chiqdi.
Unga ko‘ra, 12-avgustdan 16-avgustga qadar UCI fond indeksi 3,1 foizga kamaydi. Qimmatli qogʻozlar ichida eng katta oʻsish «Turon bank» tomonidan qayd etilib, bankning qimmatli qogʻozlari 39,93 foizga oshdi. Bank sektorlari ichida qolgan banklarning aksiyalari tushdi.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi tovar-xomashyo birjasi (4,10 foiz), «Oʻzmetkombinat» (0,55 foiz), «Kvarts» (6,54 foiz), «Oʻzbektelekom» (4,63 foiz), «Dori-Darmon» (0,54 foiz) va UzAuto Motorsʼning (1,49 foiz) aksiyalari oʻsishga erishdi.
Oʻz navbatida, aksiyalari eng koʻp tushgan kompaniyalar qatoridan «Ipoteka-bank»ning imtiyozli (19,30 foiz) va imtiyozsiz (9,84 foiz) aksiyalari joy oldi.
Umumiy hisobda 24 ta yuqori likvidli aksiyalardan 17 tasi haftani qizil rangda yakunlandi.
Avvalroq «Kursiv» nima uchun 2024-yilning birinchi choragida Rossiya fond birjasidagi savdolar hajmi oʻn barobarga kamaygani haqida ma’lum qilgan edi.