Oltin narxi yana rekordlarni o‘rnatdi
O‘zbekistonda oltin quyma va tangalar narxi o‘tgan haftadagi rekord qiymatdan oshdi. 19-avgust kuni ertalab Markaziy bank besh grammlik oltin quymasini sotish narxini 5,26 mln so‘m etib belgiladi.
O‘zbekistonda oltin narxi bo‘yicha avvalgi rekord 13-avgust kuni qayd etilgan bo‘lib, Markaziy bank besh grammlik quymani 5,18 mln so‘mdan sotgan edi.
Markaziy bank 19-avgust holatiga ko‘ra, o‘n grammlik quymani 10,51 mln so‘m, 20 grammlik 21,03 mln so‘m, 50 grammlik esa 52,57 mln so‘mga baholagan. Esdalik oltin tangalarning qiymati ham xuddi shunday oshgan.
2024-yil boshidan buyon O‘zbekiston Markaziy bankining oltin tangalari va quymalari 24 foizga qimmatlashdi.
O‘zbekistonda oltin narxining oshishi qimmatbaho metallning jahon narxlari oshishi ortidan kuzatilmoqda. FRT pul-kredit siyosatining yumshatilishini kutish va Yaqin Sharqda harbiy mojarolar kuchayishi mumkinligidan xavotirlar fonida oltin narxi oshib bormoqda.
Avvalroq «Kursiv» O‘zbekiston Markaziy banki tomonidan 2024-yilning ikkinchi choragida oltin xaridlari 19 foizga oshgani haqida xabar bergan edi.