Qoraqalpog‘istonda $ 9,5 mlrdga teng loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda
Prezident Shavkat Mirziyoyevga Qoraqalpog‘iston Respublikasida amalga oshirilishi rejalashtirilgan investitsiya loyihalari taqdimot qilindi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.
Qoraqalpog‘istonda so‘nggi yetti yil ichida 17 trillion 800 mlrd so‘mlik olti mingdan ziyod loyihalar amalga oshirilgan. Amalga oshirilgan loyihalar natijasi bo‘yicha 56 mingta ish o‘rni yaratilgan, shuningdek, $2 mlrd 815 mln eksport amalga oshirilgan.
Bu yil hisobi bo‘yicha mamlakatda umumiy qiymati $874 mln loyihalar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.
Hozirgi kunda xorijiy investor hamda mahalliy tadbirkorlar tomonidan Qoraqalpog‘istonda umumiy miqdorda $9,5 mlrd teng loyihalar shakllantirilgan. Ushbu loyihalardan qariyb ($1 mlrd 800 mlnga teng) 10 tasi davlat rahbariga taqdimot qilindi.
Ushbu loyihalarga asosan Saudiya Arabistoni, Germaniya, Rossiya kabi xorijiy davlatlar kompaniyalari tomonidan investitsiyalar kiritilmoqda. Ular asosan energetika, issiqlik ta’minoti, tog‘-kon va boshqa turdagi tarmoqlarga asosiy e’tiborni qaratmoqda.
Amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan 124 ta loyiha natijasida 20 mingdan ziyod fuqarolar ish bilan ta’minlanadi.
Avvalroq «Kursiv Uzbekistan» prezident Shavkat Mirziyoyev 20-avgust kuni Nukus shahrida tadbirkorlar bilan muloqoti bo‘lib o‘tishi haqida xabar bergan edi.