Shavkat Mirziyoyev shamol elektr stansiyalari va sanoat korxonalari qurilishiga start berdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, hozirgi kunda $62 millionlik 12 ta investitsiya loyihasi ishga tushirilmoqda, shu jumladan, Beruniy tumani va Nukus shahridagi yirik savdo majmualari ochildi.
Imtiyozlar hisobiga tadbirkorlar 2 trillion soʼmdan ziyod mablag‘ qoldirgan. Hududda infratuzilma rivojiga 44,5 trillion so‘m sarflanib, 25 mingdan ortiq yangi tadbirkorlik subyekti paydo bo‘lgan. O‘tgan yili $345 millionlik 1400 dan ortiq loyihalar amalga oshirilgan, 10 mingdan ziyod ish o‘rinlari yaratilgan. Joriy yilda esa $730 million xorijiy investitsiya o‘zlashtirilgan.
Nukus tumanida $24 millionlik investitsiya bilan yiliga 20 million dona isitish radiatorlari ishlab chiqarilishi ma’lum qilindi.
Nufuzli tadqiqot institutlari hisob-kitoblariga ko‘ra, Qoraqalpog‘istonda 680 gigavatt quyosh, 120 gigavatt shamol energiyasi salohiyati bor ekanligi ta’kidlab o‘tildi.
Ma’lum qilinishicha, 2017-yilda 73 ta xorijiy va qo‘shma korxona bo‘lgan. Bugungi kunga kelib ushbu ko‘rsatkichlar soni 175 taga yetdi.
Davlat rahbari tomonidan ramziy tugma bosilib, yangi inshootlar qurilishi va faoliyati boshlab berildi.
Avvalroq «Kursiv Uzbekistan» «Nukus elektro-apparat» korxonasi yiliga qariyb 300 ming dona quyosh panellarini ishlab chiqarish imkoniyatiga ega boʻlgani haqida xabar bergan edi.