Toshkent va Samarqand oʻrtasida qoʻshimcha yoʻlovchi poyezdlar harakati yoʻlga qoʻyildi
«Samarqand — Toshkent — Samarqand» yoʻnalishida qoʻshimcha yoʻlovchi poyezdlar harakati yoʻlga qoʻyildi. Bu haqda «Oʻzbekiston temir yoʻllari» AJ axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, 2024-yilning 26–30-avgust kunlari Samarqand shahrida «Sharq taronalari XIII xalqaro musiqa festivali» oʻtkazilishi hamda Mustaqillik bayrami munosabati bilan yoʻlovchilarga qulaylik yaratish maqsadida 25-avgust kunidan 3-sentabr kunigacha 775/776-sonli yoʻnalishida «Afrosiyob» elektropoyezdining qoʻshimcha qatnovi yoʻlga qoʻyildi.
Poyezd quyidagi jadval asosida harakatlanadi:
775-sonli «Samarqand — Toshkent» yoʻnalishi
Samarqand 11:11 — Toshkent 13:26
776-sonli «Toshkent — Samarqand» yoʻnalishi
Toshkent 13:51 — Samarqand 16:05
Chiptalarni nafaqat temir yoʻl chiptaxonalaridan, balki elektron tarzda eticket.railway.uz sayti orqali xarid qilishingiz mumkin.
Eslatib oʻtamiz, Buxorodan Xivagacha boʻlgan temir yoʻlni elektrlashtirish yil oxirigacha yakunlanishi rejalashtirilgan.
Avvalroq «Kursiv Uzbekistan» Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston temiryoʻlchilarini bayram bilan tabriklagani haqida xabar bergan edi.