Yangiliklar

Endi 100 mln so‘mgacha mikrokredit garovsiz beriladi

Garov bilan esa 300 mln so‘mgacha
Foto: President.uz

Prezident tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida tadbirkorlar ehtiyojini qoplash uchun beriladigan mikrokreditlar haqida so‘z yuritdi. Bu haqda prezident matbuot kotibi xabar berdi.

Unga ko‘ra, 100 mln soʻmgacha mikrokredit bor-yoʻgʻi 9 % tadbirkorlarning ehtiyojini qoplagan. Kelgusida mikrokreditlar miqdori 3 karra oshiriladi va 300 mln soʻmga yetkaziladi. Bunda kreditning 100 mln soʻmgacha boʻlgan qismiga hech qanday garov talab qilinmaydi. Buning uchun bir yilga 10 trillion soʻm ajratiladi.

Tadbirkorlik kompaniyasi har bir viloyatda o‘z filialiga ega bo‘ladi. Kompaniya va uning filiallari hududlarda salohiyatli tadbirkorlarni aniqlash bilan shug‘ullanadi.

Shuningdek, yaxshi kredit tarixi va yuqori barqarorlik reytingiga ega tadbirkorlarga kompaniya kafilliklari beriladi.

2024-yilning yetti oyida 91 ta mikromoliya tashkiloti 6,6 trln soʻmlik moliyaviy xizmatlar koʻrsatdi va yil yakunigacha bu raqam 12 trln soʻmni tashkil etadi. Ushbu xizmatlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida joriy yildagi 1,6 trln soʻmga qoʻshimcha 1 trln soʻm resurs ajratib beriladi.

Shu bilan birga, ustav kapitali kamida 50 mlrd soʻm boʻlgan mikromoliya banklarini tashkil etishga ham ruxsat beriladi. Bunday banklar kredit portfelining kamida 70 % qismi kichik va oʻrta biznesni moliyalashtirishga yoʻnaltiriladi.