Xorazmda fuqaro uyida yovvoyi sherni saqlab kelgani ma’lum boʻldi
Xorazm viloyatida fuqaro uyida yosh yovvoyi sherni noqonuniy saqlab kelinayotgani ma’lum boʻldi. Bu haqda Ekologiya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Unga koʻra, huquqbuzarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeksning tegishli moddalari bilan bayonnoma rasmiylashtirildi. Shuningdek, bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 5 barobari, ya’ni 1 million 700 ming soʻm miqdorida jarimaga tortildi.
Yovvoyi sher esa vaqtincha saqlash uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi Nukus shahrida joylashgan «Nukus hayvonot bogʻi»ga topshirildi.
Holatga aniqlik kiritish, yovvoyi sher bolasining qanday olib kelingani va qayerdan sotib olinganligini aniqlash yuzasidan surishtiruv ishlarini olib borish uchun toʻplangan hujjatlar Urganch shahar IIBga yuborildi.
Avvalroq «Kursiv Uzbekistan» Toshkent hayvonot bogʻida vasiylik dasturi yoʻlga qoʻyilgani haqida xabar bergan edi.