«Oʻztemiryoʻlyoʻlovchi» AJ va «Shahar atrofida yoʻlovchi tashish» MCHJ moliyaviy jarimaga tortildi
Raqobat qoʻmitasi «Oʻztemiryoʻlyoʻlovchi» AJ va «Shahar atrofida yoʻlovchi tashish» MCHJ 1.3 mlrd soʻm iste’molchilardan ortiqcha mablag‘ undirgani aniqladi. Bu haqda Qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, «Oʻztemiryoʻlyoʻlovchi» AJ Fargʻona filiali temir yoʻl vokzali boʻylab 2023-yil davomida 606 380 ta sotilgan chiptalardan vositachilik yigʻim qiymati boʻyicha 660 mln soʻmga yaqin ortiqcha pul undirgan.
«Shahar atrofida yoʻlovchi tashish» MChJ Fargʻona filiali tomonidan temir yoʻl vokzali boʻylab joriy yilning 1-yanvaridan 24-iyuligacha 185 806 ta sotilgan chiptalardan vositachilik yigʻim qiymati boʻyicha 560 mln soʻmga yaqin haq undirilgan.
Umumiy hisobda jami 792 186 nafar iste’molchilardan 1.3 mlrd soʻmga yaqin ortiqcha haq olingani aniqlandi.
Yuqoridagilarga asoslanib, ortiqcha undirilgan toʻlovlarni iste’molchilarga qaytarishi yuzasidan koʻrsatma berilib, moliyaviy jarima qoʻllanildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Raqobat qo‘mitasi ikkita MChJni jarimaga tortgan edi.