Ijtimoiy tarmoqlarda ichki ishlar organlarida pensiyaga chiqish uchun xizmat muddatini 25-yilga uzaytirish mumkinligi haqida axborot tarqalmoqda. Ichki ishlar vazirligi Moliya-iqtisod boshqarmasi bu xabarlarning haqiqatga toʻgʻri kelmasligini ma’lum qildi.
Unga koʻra, hozirgi kunda ichki ishlar organlari faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan normativ huquqiy hujjatlarga pensiya olish uchun xizmat muddatini 25-yilga uzaytirish boʻyicha taklif yoki qoʻshimchalar kiritish koʻzda tutilmagani ta’kidlandi.
Ma’lumot uchun, amaldagi qonunchilikda ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan xodimning xizmat muddati kalendar hisobda 20-yilga yetganidan soʻng, oʻtagan xizmat muddati uchun pensiya olish huquqiga ega boʻlishi koʻrsatib oʻtilgan.
Avvalroq «Kursiv Uzbekistan» 2025-yildan boshlab yoshga doir pensiyalar avtomatik tayinlanishi haqida xabar bergan edi.