Toshkentda giyohvandlik vositalarini yetishtirganlar qo‘lga olindi
Toshkent shahar IIBB tomonidan «Qora dori – 2024» maxsus profilaktik tadbirlari davomida hududda taqiqlangan ekinlarni yetishtirgan bir necha shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan xonadonlarning birida nashaning o‘sishiga hamda uni parvarishlashga alohida sharoit yaratilib, alohida joy hozirlangan bo‘lib olti tup giyohvandlik vositasini parvarishlab kelgan shaxs aniqlandi.
Ushbu hududdagi xonadonlardan yana birida 21 tup nasha o‘simligini yetishtirgan hamda bir kg.ga yaqin quritish uchun saqlangan shu turdagi giyohvandlik vositalari aniqlangan.
Mirobod tumani IIO FMB tezkor xodimlari tomonidan tumandagi ko‘p qavatli uy xonadonlarining birida taqiqlangan o‘simlik yetishtirgan shaxs aniqlangan. Holat yuzasidan barcha daliliy ashyolar olinib ekspertizaga topshirilgan.
Ma’lumot uchun, Jinoyat kodeksining 270-moddasi (taqiqlangan ekinlarni yetishtirish) uchun o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanadi.
Avvalroq «Kursiv Uzbekistan» Toshkent viloyatida 1 mlrd soʻmlik sintetik giyohvandlik moddalarini saqlagan shaxs ushlangani haqida xabar bergan edi.