Yangiliklar

Oʻzbekistonlik boks murabbiyi «Chingiz Aytmatov» medali bilan taqdirlandi

Akmal Hasanov "Parij – 2024" Olimpiadasida qirg‘izistonlik bokschi Munarbek Seyitbek uluning 3 ta jangida sekundantlik qildi
Foto: UzA

Toshkentda oʻtkazilgan Shanxay hamkorlik tashkiloti xalq diplomatiyasi forumi doirasida boks boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi murabbiyi Akmal Hasanov «Chingiz Aytmatov» medali bilan taqdirlandi. Bu haqda UzA xabar berdi.

Qirgʻiz Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, Chingiz Aytmatov nomidagi Issiqkoʻl forumi bosh kotibi Assol Moldokmatova ushbu mukofotni murabbiyga topshirdi.

«Menga munosib bokschi Munarbekni qoʻllab-quvvatlash baxti nasib etganidan xursandman. Biz qardosh xalqlar, bir-birimizni qoʻllab-quvvatlashimizni his qilamiz va buni butun dunyoga koʻrsatish muhim», deydi Hasanov.

Hasanovning qoʻshimcha qilishicha, Qirgʻizistonda boks rivojlanmoqda, shuningdek, bunday yuksak mukofot va qirgʻiz xalqining e’tirofiga sazovor boʻlish men uchun katta sharafligini ta’kidladi.

Ma’lumot uchun, Akmal Hasanov «Parij – 2024» Olimpiadasida qirgʻizistonlik bokschi Munarbek Seyitbek uluning 3 ta jangida sekundantlik qildi, yakunda qizgʻizistonlik bokschi kumush medalga sazovor boʻldi. U final bahsida oʻzbekistonlik bokschi Abdumalik Halokovga magʻlub boʻlgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Abdumalik Halokov Olimpiada o‘yinlarida Oʻzbekiston delegatsiyasiga yettinchi oltin medalni taqdim qilgani haqida xabar bergan edi.