Yangiliklar

Mirziyoyev va Aliyev ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomani imzoladi

Mamlakat yetakchilari tomonidan asosan fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, turizm, mehnat faoliyati, savdo-sotiq, investitsiya, ta’lim sohasiga oid qator hujjatlar imzolandi
Foto: Prezident matbuot xizmati

Ko‘ksaroy qarorgohida ikki davlat rahbarlari davlatlararo oliy kengashning birinchi majlisi yakunida ikki tomonlama Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risida hujjatga imzo chekdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, mamlakat yetakchilari tomonidan, asosan, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, turizm, mehnat faoliyati, savdo-sotiq, investitsiya, ta’lim sohasiga oid qator hujjatlar imzolandi.

Jumladan, Mehnat faoliyati va fuqarolarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida hukumatlararo bitim, Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 2025–2026-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi, Maktabgacha ta’lim, kasb-hunar ta’limi, o‘rta maxsus, oliy ta’lim va ilm-fan sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bayonnomalar, 2024–2026-yillarga mo‘ljallangan turizm sohasidagi harakatlar rejasi va shu kabi bir qancha hujjatlar imzolandi.

Tashrif davomida Toshkent va Boku, Jizzax va Guba, Shahrisabz va Baylagan shaharlari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida bitimlar hamda boshqa bir qancha hujjatlar imzolandi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston hozirgi vaqtga qadar faqat 3 ta davlat bilan ittifoqchilik munosabatlarini o‘rnatgan edi: Rossiya, Qozog‘iston hamda Tojikiston.

Avvalroq «Kursiv Uzbekistan» Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev rafiqasi bilan Toshkentga yetib kelgani haqida xabar bergan edi.