Yashnobod tumani IIO FMBga joriy yilning 10-avgust kuni taxminan soat 21:00 lar atrofida Jarboshi mahallasida bosqinchilik jinoyati sodir etilgani haqida xabar kelib tushdi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Jarboshi mahallasi hududida noma’lum shaxslar tomonidan ikki nafar shaxsga tan jarohati yetkazilib, jabrlanuvchilarning yonida bo‘lgan 5,5 mln so‘mlik qo‘l telefoni, $700 hamda 950 ming so‘m pul mablag‘ini olib voqea joyidan yashiringan.
Holat yuzasidan tuman ichki ishlar organlari tezkor xodimlari tomonidan jinoyat sodir etganlikda gumonlanib, ikki nafar shaxs qo‘lga olingan.
Ma’lumotlarga ko‘ra gumonlanuvchilar ijtimoiy tarmoq orqali o‘zlariga noma’lum bo‘lgan shaxsdan jabrlanuvchini do‘pposlab, holatni video tasvirga olib yuborish kerak bo‘ladi. Buning evaziga gumonlanuvchilar buyurtmachidan $300 miqdorida pul mablag‘i olishga kelishgan.
Hozirgi kunda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 164-moddasi (bosqinchilik) 2-qism «b» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkentda giyohvandlik vositalarini yetishtirganlar qo‘lga olingani haqida xabar bergan edi.