Yangiliklar

Usmonov: Rossiyaga qarshi sanksiyalar – katta xato

Ular biznesning Rossiya Federatsiyasiga pul qaytarishiga olib keldi
Rasm: Andrey Yepihin / TASS

Rossiyalik ishbilarmonlarga nisbatan sanksiya rejimi «katta xato» bo‘ldi, undan qo‘shni bozorlar aziyat chekmoqda. Kelib chiqishi o‘zbek bo‘lgan rossiyalik milliarder Alisher Usmonov Italiyaning Corriere Della Sera nashriga bergan intervyusida shunday fikr bildirdi.

«Ular (G‘arbdagi sanksiya tashabbuskorlari – Tahr.) Rossiya iqtisodiyotiga zarar yetkazmoqchi bo‘lishdi, ammo u o‘sib bormoqda. Ular biznes-elitalarni jazolamoqchi bo‘lishdi, ruslar esa pulni o‘z vataniga qaytarishdi. Rossiya sanksiyalarga moslashmoqda, qo‘shni bozorlar esa bundan aziyat chekmoqda», dedi Usmonov.

U qo‘shimcha qildiki, rossiyalik ishbilarmonlar o‘z vatanlarida siyosiy qarorlar qabul qilish jarayoniga ta’sir o‘tkazmaydilar. Shu bilan birga, ular «transmilliy kompaniyalarni barpo etib, chet ellarga sarmoya kiritganlar».

«Endi sanksiyalar tufayli ular o‘z mamlakatlari iqtisodiyotiga sarmoya kiritmoqda, ularda G‘arb yurisdiksiyalarining xolisligi haqida xomxayol yo‘q», deya ta’kidladi nashr suhbatdoshi va sanksiyalarni «ojizlik belgisi» deb atadi.

Usmonovning so‘zlariga ko‘ra, sanksiyalar rejimi barchaga, ayniqsa, yevropaliklar uchun zararli.

Shuningdek, tadbirkor cheklovlar tizimiga qarshi turish bo‘yicha o‘z tajribasini esladi. «Yetmish yoshimda sog‘liq va xayriya ishlariga e’tibor berish o‘rniga Germaniyada menga nisbatan sanksiyalar va bema’ni siyosiy ta’qiblarga qarshi kurashga kuch sarflayapman», dedi Usmonov.

Avvalroq Kursiv Uzbelistan 2024-yil 15-avgust holatiga ko‘ra, Usmonov Bloombergning eng boy odamlar reytingida 132-o‘rinni egallagani haqida yozgan edi. Agentlik uning boyligini $15,4 mlrdga baholagan.