Yangiliklar

O‘zbekistonda 465 mingdan ortiq ijara shartnomasi ro‘yxatga olingan

Soliq qo‘mitasi xabariga ko‘ra
Rasm: Piqsels

2024-yil 1-avgust holatiga ko‘ra, soliq organlarida 465 841 ta ko‘chmas mulk ijara shartnomasi ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Bu haqda Soliq qo‘mitasi xabar beradi.

Jismoniy shaxslar o‘rtasida tuzilgan 326,4 ming shartnomalar asosida 303,5 mlrd so‘m daromad solig‘i hisoblangan. O‘tgan yilning mos davriga nisbatan ro‘yxatdan o‘tgan ijara shartnomalari soni 19,5 foizga, hisoblangan soliq summasi esa 21,2 foizga oshgan.

Yuridik shaxslarda esa 139,4 mingta ijara shartnomasi bo‘yicha 114,7 mlrd so‘m soliq hisoblangan. Ro‘yxatdan o‘tgan ijara shartnomalari soni o‘tgan yilga nisbatan 20,8 foizga, hisoblangan soliqlar summasi esa 32,4 foizga ko‘paygan.

Ijarachi talabalarning umumiy soni 108 175 nafarni tashkil etdi. Talabalarga uy-joylarni ijaraga beruvchi mol-mulk egalari ushbu daromadlardan soliq to‘lashdan ozod etilib, 45,3 mlrd so‘mlik imtiyoz qo‘llanilishiga sabab bo‘ldi.

Natijada mol-mulkni ijaraga berishdan olingan daromadlardan budjetga 418 mlrd so‘mdan ortiq soliq tushdi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan soliq to‘lovchilarga 12,9 trln so‘m qo‘shilgan qiymat solig‘i qaytarilgani haqida yozgan edi.