Buxoro va Andijon viloyatlarida katta pul evaziga haydovchilik guvohnomasini va’da qilgan firibgarlar qo‘lga olindi
Buxoro va Andijon viloyatlarida prokuratura vakillari va huquq-tartibot idoralari tomonidan $2 ming va 18 mln so‘m evaziga haydovchilik guvohnomasini olishni va’da qilgan firibgarlar qo‘lga olindi. Bu haqda Prokuratura departamenti xabar beradi.
Bosh prokuratura va IIV Buxoro shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida fuqaro M.R. qo‘lga olindi. U o‘z tanishlari orqali haydovchilik guvohnomasini olish uchun imtihon topshirishda yordam bergani evaziga $2 ming olgandan so‘ng, jinoiy faoliyat dalillari bilan ushlandi.
Qo‘lga olingan yana bir shaxs, Oltinko‘l tumanida fuqaro K.X. ham «В», «C» va «E» toifali haydovchilik guvohnomasini olib berish evaziga to‘rt nafar jabrlanuvchidan 18 mln so‘m talab qilgan. Jinoyatchi so‘zlariga ko‘ra, YHXB‘da tanishlari bo‘lgan. Firibgar 9 mln so‘m avans olganidan so‘ng ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkentda bosqinchilik jinoyatini sodir etgan shaxslar ushlangani haqida yozgan edi.