Telegram asoschisi va rahbari Pavel Durovning Fransiyada qo‘lga olinishiga butun dunyo bo‘ylab siyosatchilar, tadbirkorlar va jamoat arboblari munosabat bildirdi. Kursiv Uzbekistan fikr-mulohazalarni to‘pladi.
Ilon Mask: Yevropada memni «layk»laganingiz uchun sizni qatl etishadi
Durov bilan bog‘liq vaziyatga birinchilardan bo‘lib uning texnologik sexdagi hamkasbi – biznesmen, X (sobiq Twitter), SpaceX va Tesla kompaniyalari rahbari Ilon Mask munosabat bildirdi.
«Birinchi tuzatishdagi mana bu reklamaga qarang. Juda ishonarli», deb yozdi Mask o‘zining X sahifasida.
Gap Amerika Qo‘shma Shtatlari (AQSH) Konstitutsiyasiga kiritilgan birinchi tuzatish haqida bormoqda. Ushbu modda Kongressga biron-bir dinni belgilovchi, so‘z va matbuot erkinligini, shuningdek, odamlarning tinch mitinglar o‘tkazish huquqini cheklaydigan qonunlar chiqarishni taqiqlaydi.
Keyinchalik Mask bu fikrni yanada rivojlantirdi. «Tasavvur qiling: 2030-yil, Yevropa, va siz biror memga qo‘ygan laykingiz uchun qatl etilasiz», deya ta’kidladi biznesmen.
Taker Karlson: Ozod dunyoga zulmat tushmoqda
2024-yil qishida Durov bilan suhbatlashgan amerikalik jurnalist Taker Karlson tadbirkorning hibsga olinishi uning senzurani joriy etishni xohlamasligi bilan bog‘liqligini taxmin qildi.
«Pavel Durov bugun Fransiya qamoqxonasida. Bu hukumatning buyrug‘i bilan haqiqatni senzura qilishdan bosh tortadigan har bir onlayn platforma egasi uchun ogohlantirishdir», deb yozdi Taker X telekanalida.
Avvalroq jurnalist Durov mahalliy hukumat Telegramni nazorat qilishga uringani uchun Rossiyani tark etganini eslatgan. Biroq, oxir-oqibat, texnomagnat Fransiyada hibsga olindi, «g‘arbiy mamlakatda – Bayden ma’muriyatining ittifoqchisi (AQSH prezidenti – Tahr.) va NATO a’zosi.»
«Ilgari ozod bo‘lgan dunyoga tezlik bilan zulmat tushmoqda», deya xulosa chiqardi Karlson.
Fransiya va Rossiyada nima deyishmoqda
Fransiyadagi rasmiylar hozircha sukut saqlashmoqda. Reuters agentligi mamlakat Ichki ishlar vazirligidan izoh olishga harakat qildi, biroq yakshanba kuni ertalab bunga erisha olmadi.
Rossiyada vaziyat yuzasidan ko‘plab davlat amaldorlari va jamoat arboblari o‘z fikrlarini bildirdilar. Jumladan, Davlat dumasi vitse-spikeri Vladislav Davankov Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga Fransiya bilan kelishuv tuzish bo‘yicha chaqiriq maktubini yo‘lladi.
«Sizdan Rossiya Tashqi ishlar vazirligi nomidan Fransiya hukumatini Pavel Durovni qamoqdan ozod qilishga chaqirishingizni so‘rayman», deya maktub mazmunidan iqtibos keltiradi «Kommersant.»
Agar Fransiya hukumati hamkorlik qilishdan bosh tortsa, Davankov Durovni o‘zi yashab turgan Birlashgan Arab Amirliklari hududiga yoki Rossiyaga ko‘chirish uchun «barcha sa’y-harakatlarni» amalga oshirishni taklif qildi.
Siyosatchi Durovning hibsga olinishi siyosiy asoslarga ega, degan fikrni bildirdi.
«Xavfsiz internet ligasi» rahbari Yekaterina Mizulinaning aytishicha, Durov uchun Rossiyadan tashqarida bo‘lish «katta xavf» edi, uni «istalgan paytda hibsga olishlari» mumkin edi. Shuningdek, Mizulinaning so‘zlariga ko‘ra, tadbirkorning hibsga olinishi AQSH sanksiya siyosatining bir qismidir, chunki Rossiya tadbirkorlari Telegram TON kriptovalyutasiga sarmoya kiritgan.
Telegramning Rossiya segmentida Fransiyaning butun dunyo bo‘ylab elchixonalariga chiqishga chaqiriqlar tarqalmoqda.
Kuni kecha Kursiv Uzbekistan Durovning hibsga olingani haqida yozgan edi. Fransiya ommaviy axborot vositalari ma’lumotlariga ko‘ra, u Telegramdagi kontentni moderatsiya qilmagani va mahalliy huquqni muhofaza qilish organlari bilan hamkorlik qilishdan bosh tortgani uchun ayblanmoqda.