Qarashlar

Mijozlar oz, ammo na iloj — Shevchenko ko‘chasidagi ta’mirlash ishlari biznesga qanday ta’sir qilmoqda

Buni «Kursiv Uzbekistan» muxbiri aniqladi
Foto: Roman Fedotov / Kursiv Uzbekistan

2024-yilning 15-iyulida Toshkent shahrining Mirobod tumanidagi Taras Shevchenko ko‘chasini gastronomik ko‘chaga aylantirish maqsadida rekonstruksiya ishlari boshlangan edi. Kursiv Uzbekistan muxbiri ta’mirlash ishlari mahalliy biznesga qanday ta’sir qilayotganini aniqladi.

Ta’mirlash ishlari qayerda olib borilmoqda

Foto: Roman Fedotov / Kursiv Uzbekistan

Said Baraka va Fidokor ko‘chalari chorrahasida 1-oilaviy poliklinikadan Gross biznes markazigacha bo‘lgan qismida faol ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.

Ta’mirlash ishlari olib borilayotgan ko‘chada dorixona, do‘konlar va ovqatlanish shoxobchalari – KFC, Costa Coffe, Positano Ristorante, Socials va boshqalar mavjud. Shuningdek, ushbu ko‘chada butik va mehmonxona ham bor.

Ilk taassurot

Foto: Roman Fedotov / Kursiv Uzbekistan

Ko‘chada olib borilayotgan ta’mir tufayli u yerdan o‘tib qaytuvchi xaridorlar oqimi sezilarli darajada kamaygan. Buni o‘sha yerdagi mahalliy biznes vakillari va ishchilar ham tasdiqladi.

Avtoyo‘l bo‘ylab harakatlanishning iloji yo‘q: piyodalar yo‘lagining ayrim qismi butunlay to‘sib qo‘yilgan, ayrim muassasalarga yaqinlashish mutlaqo imkonsiz. Ko‘chada shovqin-suron, chang-to‘zon, oyoqlaringiz ostidagi yer esa og‘ir texnika harakatidan tebranib ketadi.

Shularga qaramasdan, aksariyat kompaniyalar o‘z faoliyatini davom ettirmoqda. Ba’zi tadbirkorlar ofislarini o‘zlari ta’mirlashga qaror qilishgan, boshqalari esa — vaqtincha yopiq.

Ta’mirlash ishlari biznes egalari faoliyatiga qanday ta’sir qilmoqda

Foto: Roman Fedotov / Kursiv Uzbekistan

O‘sha ko‘chada joylashgan mahalliy dorixona egalarining «Kursiv»ga ma’lum qilishlaricha, mijozlar oqimi ta’mirdan oldingi vaqtdagiga nisbatan bir necha barobar kam.

Taras Shevchenkodagi KFC filiali boshqa hududlarda joylashgan filiallarga qaraganda ancha kam tashrif buyuruvchilarga xizmat qilmoqda.

Foto: Roman Fedotov / Kursiv Uzbekistan

Costa Coffee-da ham xaridorlarning kamligini ko‘rish mumkin. Biroq qahvaxonadan rasmiy izoh olishning iloji bo‘lmadi.

Mijozlar oqimi haqida so‘ralganda, mahalliy do‘konlardan birining egasi qisqa va aniq javob berdi — «ko‘rib turganingizdek, mijozlar oz, ammo na iloj».

Foto: Roman Fedotov / Kursiv Uzbekistan

Socials vakillining aytishicha, kafe ochiq va siz o‘zingiz yoki do‘stlaringiz bilan kelib o‘tirishingiz mumkin. Kafega o‘tish joyi ochiq, ko‘chada stollar bor.

Apex Bankning xabar berishicha, bank mijozlari doimiy ravishda bankka tashrif buyurishda davom etmoqda. Bank xodimi yo‘l ochiq ekanligini ta’kidladi.

Foto: Roman Fedotov / Kursiv Uzbekistan

Eng qiziqarlisi Roni Pizzaning Taras Shevchenko filiali bergan javob bo‘ldi.

«Kechqurunlari biz mijozlar bilan to‘la bo‘lamiz. Bo‘sh joylar qolmasligi mumkin. Agar tashrif buyurishni rejalashtirayotgan bo‘lsangiz, stol bor yoki yo‘qligini oldindan bilib olganingiz ma’qul», dedi pitseriya vakili.

Foto: Roman Fedotov / Kursiv Uzbekistan