Yangiliklar

Qiynoq oqibatida kelib chiqqan o‘lim holatlari uchun javobgarlik kuchaytiriladi

Sakkiz yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanadi
Foto: yacobchuk1 / depositphotos.com

Jinoyat kodeksining 235-moddasi (qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash) ni xalqaro standartlarga muvofiq yanada takomillashtirish bo‘yicha tegishli qonun loyihasi ishlab chiqildi. Bu haqda qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasida ma’lum qilindi.

Unga ko‘ra, ushbu yondashuv orqali kelgusida fuqarolarning huquq va erkinliklarining kafolatlarini yanada kuchaytirish hamda boshqa turdagi qiynoq, kamsitishlarga yo‘l qo‘ymaslik ta’minlanadi.

Ishlab chiqilayotgan qonun loyihasida Jinoyat kodeksining 235-moddasi 3 va 4-qismlar bilan to‘ldirilmoqda. 235-modda 3-qism uchun sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi, 4-qism uchun esa sakkiz yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanadi.

Amaliy yo‘nalishda qiynoq oqibati o‘lim bilan tugaganlik holati ko‘p bora kuzatilgan. Masalan, 2020-yil Andijon viloyati IIB 6 nafar xodimlari tomonidan, 2023-yil Toshkent viloyati Bo‘ka tumanida IIB xodimlari tomonidan qiynoqqa solingan gumonlanuvchining vafoti va boshqa shu kabi holatlar qayd etilgan.

Ma’lumot uchun, IIB xodimlari tomonidan sodir etilgan xatti-harakatlar Jinoyat kodeksining 235-moddasi, 104-modda (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) 3-qism «d» bandi bilan malakalangan.  

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkentda bosqinchilik jinoyatini sodir etgan shaxslar ushlangani haqida xabar bergan edi.