Oʻzbekiston musulmonlari idorasi va Din ishlari boʻyicha qoʻmita tomonidan tashkil etiladigan «Umra – 2024»ning navbatdagi mavsumi 2024-yil 10-sentabr kunidan boshlanadi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, ziyoratchilar «Uzbekistan Airways» AJ aviakompaniyasi orqali toʻgʻridan-toʻgʻri reyslarda Saudiya Arabistoniga borib, Madina shahrida 3 kun, Makka shahrida esa 7 kun qoladilar.
Ziyoratda tajribali ishchi guruhi va imom-xatiblardan iborat ellikboshilar hamda malakali shifokorlar hamyurtlarimizga hamrohlik qiladi.
Shuningdek, mehmonxonalarda tibbiyot punktlari, transport xizmati va ishchi guruhlari shtablari 24 soat davomida faoliyat yuritadi. Safar yakunida zam-zam suvi hadya qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Qonunchilik palatasi «Ziyoratchilarni himoya qilish to‘g‘risida»gi qonun loyihasini ma’qullagan edi.