Joriy yilning avgust oyining oxirida sayyoralar paradi yuz berishi kutilmoqda. Ushbu astronomik hodisa qachon va qanday tarzda yuz berishiga Kursiv Uzbekistan aniqlik kiritdi.
Ma’lum qilinishicha, sayyoralar paradi joriy yilning 28-avgust kuni sodir bo‘ladi. Bunda Merkuriy, Mars, Yupiter, Uran, Neptun va Saturn Quyoshning yonida bir chiziqda joylashadi. Kosmik hodisani kuzatish uchun vaqtni to‘g‘ri tanlash kerak bo‘ladi.
Hodisa ishqibozlari o‘z yashash joyida tong otish vaqtini aniqlab, undan kamida bir soat oldin osmonni kuzatishni boshlashlari lozim.
Sayyoralarning avvalgi paradi joriy yilning 3-iyun kuni sodir bo‘lgan edi. Ushbu paradda Merkuriy, Yupiter, Mars, Saturn, Neptun hamda Uran bir chiziqqa joylashgan edi.
Ma’lumot uchun, Sayyoralar paradi — ushbu atama norasmiy nom bo‘lib, sayyoralarning saf tortishi, ya’ni astronomik atama, bunda ikki va undan ortiq sayyora Quyoshning bir tomonida to‘g‘ri chiziqda yoki bir-biriga yaqin 20–30 gradusli burchakda joylashadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Marsda suv havzasi topilgani haqida xabar bergan edi.