Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumanida o‘z xizmat vazifasini bajarayotgan profilaktika katta inspektoriga nisbatan muqaddam sud tomonidan ozodlikni cheklash jazosi (uy qamog‘i) tayinlangan fuqaro tomonidan pichoq bilan tan jarohati yetkazilishi oqibatida vafot etgan. Bu haqda viloyat IIB matbuot xizmati ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 26-avgust kuni ma’muriy hudud profilaktika katta inspektori o‘z xizmat vazifasini bajarish davomida muqaddam Jinoyat kodeksining 276-moddasi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlar) bilan fuqaro aybli deb topilib, soat 18:00 dan 06:00 ga qadar yashash joyini tark etmaslik belgilangan.
Shunga qaramasdan fuqaro belgilangan vaqtda yashash joyida bo‘lmagan hamda jazo o‘tash tartibini qasddan buzgan.
Shundan so‘ng fuqaro xonadonga kirib kelgan vaqtda profilaktika inspektori bilan kelishmovchilik yuzaga kelgan hamda oshxona pichog‘i yordamida fuqaro IIB xodimining ko‘krak qafasiga zarba bergan va voqea joyidan g‘oyib bo‘lgan.
Profilaktika inspektori ko‘rsatilgan tez tibbiy yordamga qaramasdan shifoxonada vafot etgan. Shuningdek, IIB tezkor xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlari natijasidan gumonlanuvchi fuqaro qo‘lga olingan hamda Jinoyat kodeksi 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan qiynoq oqibatida kelib chiqqan o‘lim holatlari uchun javobgarlik kuchaytirilishi haqida xabar bergan edi.