Yangiliklar

Meta geotermal energetikaga qiziqish bildirdi

Kompaniya undan ma’lumotlarni qayta ishlash markazlarini quvvatlantirish uchun foydalanadi
Rasm: askarimullin / Depositphotos

Facebook va Instagram ijtimoiy tarmoqlarining bosh kompaniyasi Meta geotermal energetika sohasida faoliyat yurituvchi Sage Geosystems tashkiloti bilan shartnoma tuzdi, deb xabar berdi The Hill nashri.

Erishilgan kelishuvga ko‘ra, Meta 2027-yilga qadar geotermal energiya to‘plagichlar yordamida ma’lumotlarni qayta ishlash markazlarini ta’minlaydi.

Ommaviy axborot vositalarining ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu bitim texnologik gigant uchun foydali, chunki u sun’iy intellekt tizimlarini rivojlantirish uchun energiyaga bo‘lgan katta talabni qondiradi va shu bilan birga iqlimga ta’sirini kamaytirish bo‘yicha o‘z zimmasiga olgan majburiyatlariga zid kelmaydi.

Sage Geosystems Shell Oil kompaniyasining uchta sobiq rahbari tomonidan boshqariladi. Kompaniya geotermal energiya ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Avgust oyida Sage Geosystems Texasning San Miguel Electric Cooperative kompaniyasi bilan shartnoma tuzdi. Ular birgalikda tajriba loyihasini amalga oshirishni rejalashtirmoqda.

Amerika Qo‘shma Shtatlari Energetika vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2030-yilga borib geotermal manbalar hisobiga to‘rt millionga yaqin xonadonlar elektr energiyasi bilan ta’minlanishi mumkin.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2023-yil dekabr oyida Meta ikki yillik tanaffusdan so‘ng aksiyalarni sotishni boshlagani haqida yozgan edi.