Yangiliklar

Qozogʻistonning Kaspi kompaniyasi Humo toʻlov tizimini qoʻlga kiritmoqchi

Bu haqda Kaspi.kz saytining xususiylashtirish bo‘yicha maslahatchi Deloitte kompaniyasiga yo‘llagan maktubida ma’lum qilindi
Foto: Mojahid_Mottakin / depositphotos.com

Qozogʻistonning Kaspi.kz fintex kompaniyasi Humo toʻlov tizimining 100 foiz davlat ulushini xususiylashtirish tenderida ishtirok etish istagini bildirdi.

Bu haqda Kaspi.kz saytining xususiylashtirish boʻyicha maslahatchi Deloitte kompaniyasiga yoʻllagan maktubida ma’lum qilindi.

Qozogʻiston kompaniyasi rahbari va hammuassisi Mixail Lomtadze Oʻzbekiston toʻlov tizimi xodimlari va texnologiyalariga yirik sarmoya kiritish rejalashtirilganini aytdi.

«Ushbu investitsiyalar natijasida Humo rivojlanish uchun qo‘shimcha turtki oladi, o‘zining texnologik imkoniyatlarini kengaytiradi va innovatsiyalar sohasida ko‘pchilik uchun namuna bo‘ladi. Bu, o‘z navbatida, O‘zbekistonning investitsiyaviy jozibadorligini yanada oshirishga olib keladi», dedi Mixail Lomtadze.

Oʻzbekiston Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (DABA) shu yilning iyul oyi oxirida Humo’ni xususiylashtirish boshlanganini e’lon qildi. 1-iyul holatiga koʻra, toʻlov tizimining sof foydasi 71,8 milliard soʻmdan oshdi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Oʻzbekiston Markaziy banki «Poytaxt bank»ning xususiylashtirilishiga izoh bergani haqida yozgan edi.