Yangiliklar

Rossiya O‘zbekistonga maymun chechagiga test yuboradi

Dastlabki yetkazib berishlar shu hafta rejalashtirilgan
Rasm: Dan74

Rossiya O‘zbekistonga maymun chechagini aniqlash uchun test-tizimlar taqdim etadi. Bu haqda «Rospotrebnadzor» portalida ma’lum qilindi.

Testlarni yetkazib berish to‘g‘risidagi qaror 26-avgust, dushanba kuni Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga (YeOII) a’zo mamlakatlar bosh sanitariya shifokorlari yig‘ilishida qabul qilindi. Tadbirga O‘zbekiston va Tojikiston vakillari ham taklif etildi.

Kasallikni aniqlash uchun birinchi to‘plamlar shu haftadayoq O‘zbekistonga yuborilishi kutilmoqda.

Uchrashuv ishtirokchilari maymun chechagining Rossiya Federatsiyasi, Armaniston va Markaziy Osiyo mamlakatlarida tarqalish xavfi pastligini ta’kidladilar.

Eslatib o‘tamiz, chechak tarqalishining oldini olish maqsadida O‘zbekiston aeroportlarida teplovizorlar o‘rnatildi. Xodimlarga kasallik alomatlari haqida so‘zlab berildi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan O‘zbekiston fuqarolarining aksariyatida maymun chechagiga qarshi jamoaviy immunitet mavjudligi haqida yozgan edi.