Oʻzbekistonda milliy investitsiya jamgʻarmasi tashkil etiladi
eʼlon qilindi
Bu haqda prezidentning tegishli qarori qabul qilindi
Oʻzbekistonda milliy investitsiya jamgʻarmasi tashkil etiladi. Bu haqda prezidentning tegishli qarori qabul qilindi.
Qarorga koʻra, quyidagilar jamgʻarmaning asosiy vazifalari etib belgilandi:
- Jamgʻarma sof aktivlarining bozor qiymatini oshirish;
- Jamgʻarma aksiyalarini yetakchi xorijiy fond birjasida joylashtirish;
- Jamgʻarma aktivlariga investitsiyalarni jalb qilish hamda ularni xususiylashtirish jarayonlarida ishtirok etish uchun yetakchi xalqaro institutsional investorlarni jalb qilish;
- Jamgʻarma investitsiya aktivlarida Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti korporativ boshqaruv standartlarini joriy etish, xalqaro moliyaviy hisobot standartlariga oʻtish, ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv (ESG) standartlarini joriy etishda ishtirok etish.
Shuningdek, jamgʻarma ustav kapitalini shakllantirish uchun davlat ulushi oʻtkaziladigan korxona va tijorat banklarining roʻyxati tasdiqlandi. Jamgʻarma aksiyadorlik jamiyati shaklida tashkil etiladi va aksiyalari ommaviy joylashtirilgunga qadar uning yagona aksiyadori Iqtisodiyot va moliya vazirligi hisoblanadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Markaziy bank investorlarga risklarni yangi vosita yordamida baholashga yordam berishi haqida xabar bergan edi.