O‘zbekiston mustaqilligining 33 yilligi munosabati bilan mamlakat ichidagi sayohatlarga chegirmalar joriy etildi. Respublika Turizm qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berishicha, transport chiptalari, mehmonxonalarda yashash va restoranlarda ovqatlanish narxlari arzonlashtirildi.
31-avgustdan 3-sentabrgacha fuqarolarga 183 ta mehmonxona va mehmon uylarida 10 foizdan 33 foizgacha, shuningdek, 109 ta umumiy ovqatlanish muassasalarida 5 foizdan 30 foizgacha chegirmalar taqdim etiladi.
Uzbekistan Airways ichki reyslarga 30 foizgacha, Silk Avia esa 15 foizgacha chegirmalar taklif qilmoqda.
Sog‘lig‘ida nuqsoni bo‘lgan shaxslar uchun Vaqf jamg‘armasining turistik obyektlariga chiptalar bepul bo‘ladi, qolgan tashrif buyuruvchilar narxning 50 foizini to‘lashi kerak bo‘ladi.
2–8-sentabr kunlari «Muzeylar haftaligi» doirasida davlat muzeylariga kirish barcha uchun bepul bo‘ladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan sentabr oyida O‘zbekiston aholisi ketma-ket to‘rt kun dam olishi haqida yozgan edi.