Yangiliklar

YeTTB O‘zbekistonda «yashil» o‘g‘it va elektr energiyasi ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlaydi

Loyihani Yaponiya va Kanada qo‘llab-quvvatlaydi
Rasm: Aleksandr Ten/Kursiv Uzbekistan

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) ACWA Power UKS Green H2 kompaniyasiga O‘zbekistonda elektroliz qurilmasi va 52 MVt quvvatga ega shamol elektr stansiyasini yaratish uchun $65 mln ajratadi, deb xabar qildi tashkilot matbuot xizmati.

Loyiha o‘g‘it ishlab chiqarishni dekarbonizatsiya qilish va elektr energiyasini ishlab chiqarishga qaratilgan. Bu ammiakli o‘g‘itlar ishlab chiqarishda ishlatiladigan «kulrang» vodorodni qayta tiklanadigan vodorodga almashtirish imkonini beradi.

Elektroliz qurilmasi va elektr stansiyasining ishga tushirilishi yiliga 3 ming tonnagacha qayta tiklanadigan vodorod ishlab chiqarish imkonini beradi va uglerod dioksidi tashlamalarini 22 ming tonnaga kamaytiradi.

YeTTB, shuningdek, $5,5 mln kredit ajratishni rejalashtirmoqda. Bank O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan loyiha Markaziy Osiyodagi birinchi loyiha ekanini ta’kidladi.

O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan tashabbusni Kanada va Yaponiya ham qo‘llab-quvvatlamoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan YeTTB O‘zbekistonga Xorazmdagi avtomobil yo‘llarini ta’mirlash uchun $238 mlngacha ajratishi haqida yozgan edi.