Yangiliklar

1-sentabrdan YHXX jarimalari ustidan elektron shikoyat qilish mumkin bo‘ladi

Shikoyatni ko‘rib chiqish besh kundan to 10 ish kunigacha davom etadi
Rasm: yhxbb.uz

Joriy yilning 1-sentabridan boshlab O‘zbekiston fuqarolari va yuridik shaxslari yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun jarimalar bo‘yicha Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatiga (YHXX) elektron shikoyat bilan murojaat qilishlari mumkin bo‘ladi.

Shikoyat bepul beriladi, lekin qaror arizachi foydasiga chiqmasa, u jarimani hech qanday chegirmalarsiz to‘liq to‘lashi kerak bo‘ladi. Shikoyatni ko‘rib chiqish besh kundan to 10 ish kunigacha davom etadi.

Shikoyatni ushbu havola orqali jo‘natish mumkin bo‘ladi. Hozirda my.gov.uz portalida test rejimida yo‘lga qo‘yilgan.

Aytish joizki, jarima chegirmasining amal qilish muddati murojaat ko‘rib chiqilayotgan davrda to‘xtatilmaydi. Shikoyat berish uchun Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida (YIDXP) ro‘yxatdan o‘tish va tegishli arizani to‘ldirish kerak, shundan so‘ng barcha zarur ma’lumotlar avtomatik ravishda yuklab olinadi. Foydalanuvchi faqat jarimani bekor qilish sababini ko‘rsatishi kerak.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan YHXX tenderda raqobat qonunchiligini buzgani haqida yozgan edi.