Tojikiston fuqarolari ijtimoiy tarmoqlarda Birlashgan Arab Amirliklariga (BAA) viza olish jarayonida qiyinchiliklarga duch kelayotganidan shikoyat qilmoqda. Bu haqda Asia-Plus nashri xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, koʻpchilik soʻnggi ikki hafta ichida ularga hech qanday tushuntirishsiz viza berishdan bosh tortilayotgani haqida xabar bermoqda. Bu muammo borligini bir qancha sayyohlik kompaniyalari vakillari ham tasdiqlagan.
Prestige Tour sayyohlik kompaniyasi vakilining Asia-Plusʼga maʼlum qilishicha, hozirda faqat erkaklarga viza berilmayapti.
«Mana 15 kundan beri Tojikiston fuqarolari bu muammoga duch kelmoqda. Agar butun oila uchun viza soʻralsa berilmoqda. Lekin erkaklar alohida murojaat qilsa, ularning arizalari rad etiladi. Rad etish sabablari hozircha tushuntirilmagan, biroq elchixona bizga vizasi amal qilish muddatini bir soatga ham oshirib yuborgan fuqarolarga rad javobi berilishini aytdi», — dedi kompaniya vakili.
Fly.tj sayyohlik kompaniyasi vakili ham Asia-Plusʼga bergan intervyusida yolgʻiz viza olishni xohlovchi erkaklarning arizalari rad etilayotganini tasdiqladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Pokiston oʻzbekistonliklar uchun viza rejimini soddalashtirgani haqida xabar bergan edi.